Jizzax viloyati delegatsiyasi ham Xitoyda
Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev boshchiligidagi delegatsiya Xitoyga bordi.
Shu o‘rinda, O‘zbekistonning Jizzax viloyati hamda Xitoy Xalq Respublikasining provinsiyalari o‘rtasidagi qo‘shma tadbirlar samarasida ko‘p qirrali hamkorlik sifat jihatdan tobora yangi, yuqori bosqichga ko‘tarilib borayotganini ta’kidlash joiz.
O‘zbekiston – Xitoy hamkorligining amaliy ahamiyati va salohiyatini inobatga olgan holda Jizzax viloyati va Shandun provinsiyasi o‘rtasida “Savdo-iqtisodiy sohalarda hamkorlik bo‘yicha protokol” imzolandi. Ushbu ikki tomonlama foydali hujjat o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirilishi va biznes doira vakillari o‘rtasida aloqalar o‘rnatilishiga poydevor yaratadi.
Shuningdek, hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Jizzax viloyatidan xizmat safarini amalga oshirgan hokimlik vakillari va tadbirkorlar tomonidan savdo va iqtisodiy, fan va texnologiyalar bo‘yicha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” imzolandi. Ushbu yo‘l xaritada Jizzax viloyati va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy sohada ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish yillik savdo aylanmasini muntazam oshirib borish, sanoat, agrosanoat kompleksi, hududlararo kooperatsiyasini rivojlantirish sohalarida tadbirlarni amalga oshirish buyicha aniq choralar belgilandi.

2023-2025 yillar davomida qiymati 42 ta 1 milliard 500 million AQSH dollari miqdorida savdo va iqtisodiy kelishuvlar kiritilgan. Shundan 21 ta 1 milliard 400 million AQSH dollarilik investitsiyaviy hamkorlik, 16 ta korxona doirasida 91 million 700 ming AQSH dollarlik eksport shartnomalari, 4 ta korxona doirasida 10 million AQSH dollarilik import shartnomalari imzolanishiga erishilganini ham alohida ta’kidlash lozim.
Xitoy davlatiga uyushtirilgan ikki kunlik xizmat safari davomida jizzaxlik delegatsiya vakillari Chin yurtidagi 10 dan ortiq korxonada bo‘lib, hududlarning investitsiya imkoniyatlari, eksport salohiyati to‘g‘risida o‘zaro ma’lumotlar almashilib, istiqbolli hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Jizzax viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya a’zolari navbatdagi safar manzilini Shensi fan-texnologiyalari universitetiga amalga oshirdi. Ushbu oliygohning o‘quv jarayoni, laboratoriyalari faoliyati bilan tanishildi. Mazkur uchrashuvda fan-texnologiya sohasida yaqindan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Jizzaxliklar shu kunning o‘zida Xitoyning yirik choy yetishtirish kompaniyasi “Jingwei fu tea”da bo‘lib, mazkur korxona bilan Baxmal, Yangiobod va Zomin tumanlarida choy yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha bitim imzolandi. O‘sha yerning o‘zida bo‘lgan rasmiy kelishuvga ko‘ra, ushbu kompaniya delegatsiyasi vakillari joriy yilning may-iyun oylarida Jizzax viloyatiga kelishi rejalashtirildi.

Jizzaxdan borgan delegatsiya vakillarining keyingi tashrif manzili to‘liq qayta ishlangan chiqindilardan elektr-energiyasi olishga ixtisoslashgan “Xiangyang Conch Venture Energy” korxonasiga bo‘ldi. Korxona ish faoliyati bilan atroflicha tanishildi. Ushbu korxonaga amalga oshirilgan xizmat safari yakunida Jizzax viloyatida chiqindilarni qayta ishlash istiqbollari masalasi ham muhokama qilindi. Ushbu yo‘nalishda ham qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev boshchiligidagi delegatsiya vakillari kunning ikkinchi yarmida sement ishlab chiqaruvchi “CONCH” korxonasida bo‘lib, u yerdagi zamonaviy yo‘nalishdagi qurilish plita va gazobloklari, ishlab chiqarish texnologiyalari, ularning faoliyati bilan tanishtirildi. Jizzax viloyatida Xitoy korxonalari bilan hamkorlikda ochilgan sement zavodlari bilan mahsulot turlarini kengaytirish yuzasidan do‘stona suhbat ham bo‘lib o‘tdi.
Keyingi 5-6 yil davomida Jizzaxning asosiy drayverlaridan biriga aylanib borayotgan avtomobilsozlik sohasida yanada izchil hamkorlikni mustahkamlash maqsadida jizzaxliklar Xitoyning yetakchi BYD avtomobilsozlik korxonasida bo‘lib, u yerdagi ishlab chiqarish faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi. Delegatsiya a’zolarida korxonada tashkil etilgan ishlab chiqarish jarayoni asosan avtomatlashtirilganligi katta taassurot qoldirdi.
Shundan so‘ng, delegatsiya vakillari ko‘rgazmada Jizzax viloyati uchun ajratilgan povilonga borishdi. Ushbu ko‘rgazmada Jizzax viloyatida faoliyat olib borayotgan 30 dan ortiq sanoat korxonalarining mahsulotlari, Sangzor vohasining investitsiya va turizm salohiyatiga oid videomateriallari namoyishi xitoylik hamkorlarda katta taassurot qoldirdi. Shu joyning o‘zida Shensi provinsiyasi gubernatori Chjao Gan bilan Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev o‘rtasida tor doiradagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvda tomonlar kelgusida yangi yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va hayotga keng tatbiq etish masalalarini atroflicha muhokama qildi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA