Jizzax — Shimoliy Makedoniya: farmatsevtika sohasida yangi istiqbollar
Prezident topshiriqlari amalda
Bugungi kunda Shimoliy Makedoniya O‘zbekiston farmatsevtika sanoatida istiqbolli hamkor sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Jizzax viloyatida bo‘lib o‘tgan uchrashuv — faqat rasmiy muloqot emas, balki Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilangan farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar ijrosidagi ilk amaliy qadam sifatida ham ahamiyatlidir. Ushbu topshiriqlar doirasida 25 gektar maydonga ega Jizzax farmzonasida o‘tgan yili dori ishlab chiqarilmagani sababli muammolar aniqlanib, mutasaddilar zimmasiga ularni bartaraf etish vazifasi yuklangan edi.
Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Zafar Azimov tomonidan Shimoliy Makedoniyaning nufuzli “Alkaloid AD Skopje” farmatsevtika kompaniyasi vakillari bilan o‘tkazilgan muzokaralar aynan shu topshiriqlarning ijrosini ta’minlashga qaratilgan hamkorlikning dastlabki namunasi bo‘ldi.
Uchrashuvda Jizzax viloyatining investitsiyaviy imkoniyatlari keng qamrovda taqdim etildi. Tadbirkorlik va xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, soliq va bojxona imtiyozlari, rivojlanayotgan infratuzilma — barchasi farmatsevtika loyihalarini samarali amalga oshirish uchun asos sifatida xizmat qildi.
Ayniqsa, Zomin tumanida tashkil etilgan “Zomin Farm” erkin iqtisodiy zonasi farmatsevtika sohasida ixtisoslashgan platforma sifatida alohida ahamiyat kasb etdi. Tayyor infratuzilma, logistika imkoniyatlari va davlat qo‘llab-quvvatlovi xorijiy investorlar uchun ishonchli va aniq taklif sifatida ko‘rsatildi.
— Biz viloyatimizda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz, — deydi Zafar Azimov. — Prezident topshiriqlariga muvofiq, farmatsevtika sohasini rivojlantirishda ilg‘or texnologiya va investitsiyalarni jalb etish orqali yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Muzokaralarda ishtirok etgan “Alkaloid AD Skopje” kompaniyasi 85 yillik tajriba va farmatsevtika, kosmetika hamda kimyo sohasidagi ilg‘or texnologiyalari bilan hamkorlikka salmoqli hissa qo‘shishi kutilmoqda. Kompaniya 2200 dan ortiq xodimni ish bilan ta’minlaydi, yillik aylanmasi 340 million yevroga yaqin va mahsulotlari Yevropa, AQSH, Rossiya va Qozog‘istondan tortib boshqa ko‘plab xalqaro bozorlarda sotiladi.
[gallery-28419]
Bu raqamlar va tajriba shuni ko‘rsatadiki, gap faqat hamkorlik haqida emas, balki Jizzax farmatsevtika salohiyatidagi yangi bosqich va Prezident topshiriqlari asosida amalga oshirilayotgan real ishlar haqida bormoqda.
Uchrashuvdan so‘ng xorijiy mehmonlar Jizzaxda xorijiy investitsiyalar ishtirokida faoliyat yuritayotgan bir qator korxonalarga tashrif buyurib, hududda shakllangan sanoat muhitini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar. Bu tashrif shunchaki protokol tadbiri emas, balki amaldagi islohotlar va Prezident topshiriqlarining natijasi sifatida amalga oshirilgan voqea hisoblanadi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA