Jizzax shahrida aholiga osh tarqatildi
Mamlakatimizda kuzatilayotgan sovuq ob-havo sharoitida Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida ehtiyojmand aholi har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Jizzax shahar hokimi Komil Xolmurodov boshchiligida “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tashkil etilgan xayriya tadbirida homiylar ko‘magida doshqozonlarda 100 kilogramm xayriya oshi damlandi.


Viloyat markazidagi 34 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi mavjud ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand va ko‘p farzandli oilalar, shahar avtomobil yo‘llari va piyodalar yo‘lakchalarini qor va muzliklardan tozalash, obodonlashtirish ishlarida ishtirok etayotgan ishchi-xizmatchilariga ham issiq taom yetkazildi.


Xayriya oshi “Yoshlik” MFY hududidagi yotoqxonada istiqomat qiluvchi fuqarolarga ham ulashildi.
Xayr-saxovat tadbirlari boshqa mahallalarda ham davom etmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA