Jizzax – Janubiy Koreya: hamkorlik samaralari
Jizzax viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasida Janubiy Koreya Respublikasining atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti – KEITI ishitirokida “Jizzax viloyatida mavjud poligonlarni yopish, yangi zamonaviy poligonlar qurish va moddiy texnik bazasini mustahkamlash” loyihasini amalga oshirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Omaviy axborot vositalari uchun tashkil etilgan tadbirda Jizzax viloyati hokimligi, Davlat ekologiya qo‘mitasi va uning Jizzax viloyati, tumanlar hamda shahar tizimidagi rahbar va xodimlari, Koreya Respublikasining Koreya atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti va Koreya davlati kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi Narzulla Oblomurodov, Jizzax viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Erkin Xolmatov, Koreya atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti – KEITI xodimi, loyihani amalga oshirish ishchi guruhi rahbari Son Syana xonim hamda ushbu loyiha ishchi guruhi a’zosi va “SEYUN” kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari janob Li Di Xi – “Jizzax viloyatida mavjud poligonlarni yopish, yangi zamonaviy poligonlar qurish va moddiy texnik bazasini mustahkamlash” loyihasi yuzasidan yig‘ilganlarga atroflicha tushunchalar berdi.

Tadbirda Jizzax viloyati hokimligi hamda Koreya Respublikasining “KEITI” kompaniyasi o‘rtasida 2021 yil 2 dekabr kuni Qo‘shma memorandum imzolanib, loyihaning dastlabki parametrlari belgilanganligi alohida ta’kidlandi.
Loyiha doirasida 98 million 400 ming AQSH dollari miqdoridagi, shundan grant mablag‘lari 8 million 400 ming, kredit mablag‘lari 90 million AQSH dollarini tashkil etgan mablag‘lar hisobiga Jizzax viloyatida chiqindilar poligonida hosil bo‘ladigan chiqindi gazidan (metandan) elektr energiyasi ishlab chiqaradigan uskuna o‘rnatish, 6 ta chiqindilarni qayta yuklash stansiyasini, 5 ta yangi poligon qurish hamda yangi qurilgan poligonlarga tibbiyot chiqindilarni yoqish usuli bilan yo‘q qilish, kompost qilish uskunalari o‘rnatish, konteynerlar va maxsus texnikalar harid qilish rejalashtirilganligi qayd etildi.
Bugingi kunda, viloyatning Sharof Rashidov tumanida maishiy chiqindilarni qayta ishlash loyihasi doirasida Davlat ekologiya qo‘mitasi Koreya atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti (KEITI) bilan birgalikda 8 million 400 ming AQSH dollari miqdoridagi grant loyihasi konsepsiyasi ishlab chiqilib, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan mazkur loyiha konsepsiyasi belgilangan tartibda Koreya Respublikasi hukumatiga taqdim etildi.

Bundan tashqari, xorijiy hamkor “EDCF” fondi hamda “KEITI” ishtirokida “Jizzax viloyatida sanitar poligonlar va qayta yuklash stansiyalarini qurish” loyihasini 2023 yil fevral oyidan amalga oshirish belgilangan bo‘lib, shunga ko‘ra, Davlat ekologiya qo‘mitasi Koreya atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti (KEITI) bilan birgalikda 90 million AQSH dollari miqdoridagi kredit loyihasi konsepsiyasi ishlab chiqilib, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan xorijiy hamkor “EDCF” fondi hamda “KEITI” kompaniyasiga ham kiritildi.
“KEITI” va “K-EXIM” bank saytlarida loyiha texnik-iqtisodiy asos (TIA)sini ishlab chiqish bo‘yicha e’lon berilib, Koreya Respublikasi konsultantlari tanlab olindi. Tanlab olingan ana shu konsultantlar joriy yilning oktyabr oyidan boshlab texnik iqtisodiy asosnomani ishlab chiqishni boshlab yubordi. Memorandumning 24 va 25-bandlaridagi ishlab chiqilib kiritilgan loyihalar konsepsiyasi Koreya hukumati bilan kelishilganligi ham tadbir davomida alohida qayd etildi.
Ma’lumot o‘rnida, Koreyaning atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti (KEITI) 2009 yil tashkil topgan bo‘lib, ushbu institutning asosiy maqsadi – ilg‘or ekologik texnologiyalarni rivojlantirish, sertifikatlashtirish, atrof-muhit sanoatini rivojlantirish, resurslarni qayta ishlatish, barqaror iste’mol va ishlab chiqarishni rag‘batlantirish kabi yo‘nalishlarda o‘z faoliyatini olib boradi.
Shuningdek, anjumanda, “Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida qattiq maishiy chiqindilarni qayta yuklash ko‘chma stansiyalarini yaratish, yangi qattiq maishiy chiqindi poligonlarini qurish va amaldagi poligonlarni optimallashtirish” deb nomlangan ushbu loyiha Koreyaning atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti, ya’ni “KEITI” tomonidan moliyalashtirilgan bo‘lib, ushbu loyiha “YUSHIN”, “SEJIN” hamda “SEYUN” kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilishi aytildi.

Ushbu loyihani amalga oshirishga Prezidentimizning 2019 yil 10 oktyabrdagi “Tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb etish mexanizmlarini va donorlar bilan ishlashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2019 yil 17 apreldagi “2019-2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asos qilib olingan bo‘lib, mazkur loyihani amalga oshirish muddati 2022-2026 yillarga mo‘ljallanganligi qayd etildi.
Davlat Ekologiya qo‘mitasi tomonidan qo‘yilgan talabga ko‘ra, ushbu loyiha doirasida grant mablag‘lari hisobidan Zomin va Sharof Rashidov tumanlarida ekologik norma va sanitar talablarga javob beradigan zamonaviy qattiq maishiy chiqindi poligonlarini barpo etishni amalga oshirish chora-tadbirlari belgilab qo‘yilgan.

Kredit mablag‘lari hisobidan ushbu loyihaning 1-bosqichida viloyatda 3 ta sanitariya talablarga javob beradigan zamonaviy qattiq maishiy chiqindi poligonlarini, 5 ta hududda kompostlash va chiqindilarni saralash kompleksini qurish hamda Zarbdor, Arnasoy, Paxtakor, Mirzacho‘l, Yangiobod va Baxmal tumanlarida 6 ta chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarini qurish rejalashtirilgan.
Loyihaning 2-bosqichida esa “Toza hudud” davlat unitar korxonasi (DUK) moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida qattiq maishiy chiqindi poligonlarida zichlash ishlarini amalga oshirish uchun 5 ta, konteynerlarni tashish uchun 12 ta maxsus texnikalar, chiqindilarni qayta yuklash stansiyasi uchun sig‘imi 60 kub metr bo‘lgan 28 ta konteyner, 5 ta buldozer, 5 ta ekskavator, 5 ta avtoyuklagich, 5 ta samosval va kompostlash uchun maxsus uskunalar (elak va hakozolar) xarid qilish belgilangan.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilarning savollariga batafsil javob berildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA