Jinoyatchilikni oldini olishda muhim omil
Jizzax viloyat sudida “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish” mavzusida seminar-muloqot bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirni kengash raisining o‘rinbosari Alisher Jalilov olib bordi va unda bir guruh jizzaxlik voyaga yetmaganlar, ularning ota-onalari va ommaviy axborot vositalarig vakillari ishtirok etdi.
– Jizzax viloyatida yoshlar, ayniqsa, voyaga yetmaganlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, barkamol shaxs etib voyaga yetkazish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish, ularning huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Jizzax viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Anvar Homidov. –Muhtaram Prezidentimizning “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan intervyusida “Biz sud-huquq tizimini isloh etishda sodda va hayotiy talablardan kelib chiqdik. Xususan, sudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik bo‘lishi kerak, degan g‘oyani ilgari surdik va amalga oshirishni boshladik”, degan fikrlari bugungi cud-huquq sohasida olib borilayotgan islohotlarning nechog‘lik odilona ekanligini ifodalaydi.
– O‘zbekiston Respublikasining joriy yil 28 iyuldagi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuni mamlakatimiz sud-huquq sohasidagi izchil islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisining o‘rinbosari Alisher Jalilov. – Mazkur qonunda belgilangan normalar sudyalarning chinakam mustaqilligi va daxlsizligini ta’minlash, sudlar foliyatining samaradorligi va nufuzini oshirish, sudlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, fuqarolar va yuridik shaxslarning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. Mazkur hujjatda ilgari qabul qilingan eski tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunda belgilanmagan normalar kiritildi.
Ushbu qonunga binoan sudya zimmasiga o‘z vakolatlarini amalga oshirishda, shuningdek, xizmatdan tashqari munosabatlarda sudyalik odobi kodeksi talablariga rioya etishi, sud hokimiyati obro‘sini, sudyaning sha’ni va qadr qimmatini tushirish yoki uning beg‘arazligi, xolisligi va adolatliligiga shubha tug‘dirishi mumkin bo‘lgan har qanday xatti-harakatdan o‘zini tiyishi, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga va odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha g‘ayriqonuniy aralashishlarga, urinishlarga qarshilik ko‘rsatishi kerak. Bunday holatlar aniqlangan taqdirda bu haqda Sudyalar oliy kengashiga xabar qilishi belgilab qo‘yildi.
–Uchrashuv jarayonida O‘zbekiston Respublikasining “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonunining maqsad va vazifalari, ushbu qonunga muvofiq voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir faoliyatning asosiy vazifalari atroflicha muhokama e’tildi, – deydi Jizzax viloyat sudining bosh konsultanti Alisher Po‘latov. – Shuningdek, voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasida ota-ona yoki ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslarning ishtiroki, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar faoliyati, ta’limni boshqarish organlari va ta’lim muassasalari vakolatlari va boshqa bir qator masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Tadbir ishtirokchilariga voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi jinoyatchilik va uning barvaqt oldini olishga oid videoroliklar namoyish etildi. Tadbirda ishtirok etgan voyaga yetmaganlarga “Jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari kutubxonasi”dan o‘rin olgan badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA