Jinoyatchilikni oldini olish doimiy e’tiborda
Respublika ishchi guruhi tomonidan Farg‘ona viloyatida jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikni jilovlash va aholining muammoli qatlamlari bilan ishlash borasida Prezidentimizning farmon, qarorlari va joylarga tashriflar davomida berilgan topshiriqlar asosida bajarilgan ishlarni o‘rganish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda joylarda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasida o‘tkazilgan yig‘ilishda «O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasi» hamda viloyatda jinoyatchilikka qarshi kurash borasida davlatimiz rahbarining bir qator farmon va qarorlarida ko‘rsatilgan vazifalarning bajarilishi tanqidiy tahlil qilinib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi, tegishli topshiriqlar berildi.
Hududda o‘rganish ishlari jarayonida, ishchi guruh tomonidan Farg‘ona shahridagi «Nafosat» mahalla fuqarolar yig‘iniga xizmat ko‘rsatuvchi huquq-tartibot maskani, 36-sonli umumta’lim maktabi, viloyat ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati va shahar 3-sektor shtabi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Joylarda profilaktika inspektorlari, mahalla faollari, hokimlarning iqtisodiy masalalar hamda yoshlar bo‘yicha yordamchilari hamkorligida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi. Aholini qiynayotgan muammoli masalalar aniqlanib, ularni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining topshirig‘i bilan respublikadagi barcha ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy boshqarmalariga biriktirilgan. Ishchi guruh Farg‘ona shahridagi maktab-internatda yaratilgan sharoitlar, oshxona, yotoqxona, o‘quv xonalari, sport zali hamda musiqa to‘garaklari faoliyatini ko‘zdan kechirdi. O‘zaro muloqotlar jarayonida maktabning moddiy-texnika bazasini yaxshilash, o‘quvchilarni maxsus kiyim-kechaklar bilan ta’minlash borasida takliflar bildirildi. Shuningdek, ko‘zi ojiz bolalar uchun brayl yozuvidagi darsliklar va maxsus jihozlar bilan ta’minlanishi kelishib olindi.
Tadbir davomida Marg‘ilon shahridagi “Qashqar” mahalla fuqarolar yig‘inida jinoyatchilik ahvoli, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, aholi bandligini ta’minlash yo‘nalishlaridagi faoliyat o‘rganildi. Shu yerda Marg‘ilon shahridagi yoshlar yetakchilari bilan uchrashuv tashkil etilib, yetakchilarning zimmasiga yuklatilgan asosiy vazifalar haqida so‘z yuritildi. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlikka keng jalb qilish, ular o‘rtasida sport musobaqalari uyushtirish, axborot texnologiyalari va tadbirkorlikka qiziqtirish orqali jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish mumkinligi alohida ta’kidlandi. Shundan so‘ng, shahar markazidagi raqamli texnologiyalar markazidagi to‘garaklar faoliyati bilan tanishildi, u yerda bilim olib, tajriba orttirayotgan iqtidorli yoshlar bilan suhbatlashildi. Viloyatdagi o‘rganishlar jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining alohida ishchi guruhi viloyatning shahar-tumanlaridagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida maxsus tezkor-profilaktik tadbirlar, IIO xodimlari tomonidan xizmat intizomi va qonuniylikka rioya qilinishi hamda aholining ijtimoiy qatlamlariga amaliy yordam ko‘rsatish ishlarini olib bormoqda.
Tadbir jarayonida joylarda o‘quv darslariga qatnashmayotgan 169 nafar voyaga yetmagan o‘g‘il-qizlar aniqlanib, ularning ota-onalari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi hamda ularning barchasi ta’limga qaytarildi. Mahallalardagi turmushi va oilasi notinch bo‘lgan 19 nafar ayolga himoya orderi rasmiylashtirildi. Ishsiz bo‘lgan 22 nafar fuqaroning bandligi ta’minlanib, 290 nafar uyushmagan yosh bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Shuningdek, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatchilikka qarshi kurash hamda huquqbuzarliklar profilaktikasiga qaratilgan tadbirlar davomida 27 ta jinoiy va 34 ta ma’muriy huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, tergov va suddan bo‘yin tovlab qidiruvda bo‘lgan 9 nafar shaxs aniqlanib ushlandi, ilgari sodir etilib ochilmasdan qolayotgan 25 ta jinoyatlar fosh etildi.
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalari
«o‘choq»larini aniqlash va yo‘llardagi vaziyatlarni yaxshilashga qaratilgan maxsus profilaktik tadbirlar davomida 2308 ta umumiy hamda 608 ta qo‘pol yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlari aniqlandi. Respublika ishchi guruh Farg‘ona viloyatida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
M. Sulaymonov, O‘zA