JIDUda Inkubatsiya markazi ochildi
Bugun Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida IT-park qoshidagi Inkubatsiya markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
bugungi kunda dunyoning barcha mamlakatlarida raqamli texnologiyalarni faol rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shu bois, davlat, ijtimoiy, ta’lim va boshqa jarayonlarni har tomonlama raqamlashtirishga qaratilgan strategiyalar qabul qilinmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Inkubatsiya markazi 120 kvadrat metr maydonda joylashgan. U innovatsion loyihalar ustida samarali ishlash uchun barcha zarur shart-sharoitga ega. Inkubatsiya dasturlari 8 ta modulni o‘z ichiga oladi.

Bular loyiha imkoniyatlarini o‘rganish, bozor va mahsulot tahlili, biznesni modellashtirish, marketingni ilgari surish va hokazo.
– Modullar kovorking markazlarida o‘tkaziladi. Ma’ruzalar uchun turli biznes sohalaridan mutaxassislar taklif qilinadi. Bu talabalarga o‘z loyihasini samarali va batafsil ishlab chiqish imkonini beradi, – deyiladi IT-park saytida.
Marosimda inkubatsiya dasturining yakuni bo‘yicha talabalar tasdiqlangan g‘oya, jamoa va MVP (Minimal Viable Product)ga ega bo‘lishi qayd etildi. Bundan tashqari, har bir modulda talabalarga xatolar ustida ishlash va mahsulotni yaxshilash uchun koordinator bilan ekspert sessiyasi beriladi.

Kelgusida ushbu markazda konsalting xizmatlari ko‘rsatish, tanlov, seminar, mahorat darslari va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Tadbir so‘ngida Inkubatsiya markazining ochilishi doirasida IT-park va JIDU o‘rtasida bitim imzolandi, startap loyihalar taqdimoti va yosh tadbirkorlar uchun mavzuli seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zA