JDPU vakillari Turkiyada
Jizzax davlat pedagogika universiteti delegatsiyasi Turkiyaning nufuzli Anadolu universitetida amalga oshirilayotgan xalqaro hamkorlik dasturi doirasida tajriba almashmoqda. Mazkur tashrif ta’lim sohasidagi yutuqlarni namoyon etish bilan birga, ilmiy va madaniy muloqotni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda.
Dasturda universitetning filologiya yo‘nalishi vakillari — dotsent vazifasini bajaruvchi Gulbahor Qurbonova, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori Visola Tursunova ishtirok etmoqda. Ularning ilmiy izlanishlari va amaliy tajribasi turkiyalik hamkasblarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tashrif doirasida Anadolu universiteti professor-o‘qituvchilari va rahbariyati uchun O‘zbekiston ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Jumladan, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatiga oid ma’lumotlar alohida e’tibor bilan tinglandi.
Shuningdek, tadbirlar doirasida Visola Tursunovaning turk tilida nashr etilgan “Hilvis” (Shivir) nomli she’rlar to‘plami taqdim etildi. Ushbu adabiy taqdimot madaniy yaqinlashuvning yorqin ifodasi sifatida e’tirof etildi.

Xalqaro hamkorlik doirasidagi bunday muloqotlar milliy ta’lim tizimi nufuzini oshirish, tajriba almashinuvini kengaytirish hamda ikki qardosh xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA