JCH–2026: Mbappe, Holand va Messi o‘zini ko‘rsatdi, navbat Ronalduga
Futbol bo‘yicha AQSH, Kanada va Meksikada o‘tayotgan Jahon chempionatida bir qator yulduzlar porlay boshladi.
Futbol bo‘yicha 2026-yilgi Jahon chempionatida “I” va “J” guruhlarida birinchi tur uchrashuvlari yakunlandi.
AQSHning Ist-Raterford shahridagi “MetLayf” stadionida “I” guruhidan o‘rin olgan Fransiya va Senegal terma jamoalari o‘zaro bahs olib bordi. Uchrashuv Fransiyaning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. G‘olib jamoa safida Kilian Mbappe ikki bor, Bredli Barkolya esa bir marta raqib darvozasini ishg‘ol qildi.
Mazkur guruhning ikkinchi uchrashuvida Norvegiya va Iroq terma jamoalari maydonga tushdi. Hisob 23-daqiqada Erling Holand tomonidan ochildi. 39-daqiqada Aymen Huseyn muvozanatni tikladi. Biroq, birinchi bo‘lim yakuni arafasida “Paxtakor” klubi himoyachisi Zayd Tahsinning xatosidan unumli foydalangan Holand o‘zining ikkinchi golini urdi. Ikkinchi bo‘limda Leo Estigor ham gol muallifiga aylandi. Uchrashuvga qo‘shib berilgan vaqtning yettinchi daqiqasida Kristian Torstvedt hisobni 4:1 ko‘rinishiga keltirdi.
Shu tariqa, birinchi turdan so‘ng Fransiya va Norvegiya terma jamoalari 3 ochkodan jamg‘ardi. To‘plar nisbatiga ko‘ra norvegiyaliklar guruh peshqadami bo‘lib turibdi. Senegal va Iroq esa ochkosiz qolmoqda.
“I” guruhining ikkinchi tur uchrashuvlari 22-iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Norvegiya — Senegal hamda Fransiya — Iroq terma jamoalari o‘zaro kuch sinashadi.

“J” guruhida esa amaldagi Jahon chempioni Argentina terma jamoasi musobaqadagi ishtirokini g‘alaba bilan boshladi. AQSHning Santa-Klara shahridagi “Livays” stadionida bo‘lib o‘tgan bahsda argentinaliklar Jazoirni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvdagi barcha gollarga jamoa sardori Lionel Messi mualliflik qildi.
Ushbu xet-trik natijasida Messining Jahon chempionatlari final bosqichlaridagi gollari soni 16 taga yetdi. Shu tariqa, u mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha germaniyalik Miroslav Kloze natijasiga tenglashdi.

Shuningdek, Avstriya va Iordaniya terma jamoalari bahsi 3:1 hisobida yakunlandi. Endi 22-iyun kuni “J” guruhida Argentina va Avstriya termalari o‘zaro raqobatlashadi. Shu kuni esa Iordaniya hamda Jazoir termalari mundialdagi ilk ochkolari uchun bahsga kiradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA