Jayron nega koʻzing toʻla yosh...
Radiodan qoʻshiq taralmoqda: Senga toshlar otdi qay gumroh, Jayron nega koʻzing toʻla yosh...
Radiodan qoʻshiq taralmoqda: Senga toshlar otdi qay gumroh, Jayron nega koʻzing toʻla yosh...
Jayronni hayotda koʻrmaganman. Savqitabiiy shuurim bilan his qilamanki, ular juda yoqimli, margʻub jonivor.
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat boʻyicha inspeksiya boshligʻi Oʻlmas Sobirov bilan suhbatimiz tabiatning ana shu inja jonivori mavzusidan boshlandi.
– Jayronlar Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy va Qoraqalpogʻiston Respublikasining choʻl hududlarida yashaydi. U kichik, lekin chiroyli jonivor (koʻz osti qoramtir tusda, shu sabab yigʻlaganga oʻxshab turadi), tanasi xushbichim, oyoqlari nozik, ingichka boʻlgani sababli chaqqon, tez yuguruvchan, rangi qum-koʻl rangda. Jayronning urgʻochilari shoxsiz, erkaklari shoxli boʻlib, shoxining uzunligi 27-35 santimetrga yetadi. Bahorda jayronlar bittadan bola tugʻadi va dastlab bolasini butalar orasida berkitib olib yuradi, soʻngra onasi ortidan ergashib yuraveradi. Ilgari jayronlar toʻda-toʻda boʻlib yashar edi, soʻnggi yillarda brakonyerlar tomonidan noqonuniy ovlanishi tufayli ular soni juda kamayib ketdi. Jayronlar hozir Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.
– Tiriklik dunyosi bir-biri bilan chambarchas bogʻliq. Bitta oʻsimlik yoki hayvon turining nobud boʻlishi, yashil borliqning tabiiy muvozanatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Oʻlmas aka, aytingchi, bugun yurtimizda oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylash borasida qanday ishlar qilinmoqda?
– Aytish joizki, yurtimizda oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylash, Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan noyob giyoh va mavjudotlar yoʻq boʻlib ketishining oldini olish borasida 15 dan ortiq qonun va 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan. Yurtimizda oʻsimliklar olami 11 ming, hayvonot olami 16 ming turni tashkil etadi.
Bugungi kunda diyorimiz tabiati va undagi bioxilma-xillikni asrash, ularni koʻpaytirish ishlari mamlakatimizdagi Chotqol, Zomin, Nurota, Hisor, Kitob, Surxon, Qizilqum kabi 7 ta qoʻriqxona, 1 ta “Saygachiy” majmua (landshaft) buyurtma qoʻriqxonasi, Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi, Zarafshon va Zomin milliy tabiat bogʻlari, Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati va Ugom-Chotqol davlat biosfera rezervati, 12 ta davlat buyurtmaxonalari, pitomniklar faoliyat yuritmoqda.
– Brakonyerlik tufayli hayvonot dunyosidan noqonuniy foydalanish, yaʼni noqonuniy ov qilish holatlari ham turli ijtimoiy tarmoqlar orqali keng ommaga oshkor qilinmoqda? Aniqlangan qonunbuzarliklarga qanday choralar koʻrilmoqda?
– 2019-yil birinchi yarim yilligida oʻtkazilgan davlat ekologik nazorati natijalariga koʻra, respublika miqyosida jami 17 ming 60 yuridik va jismoniy shaxs javobgarlikka tortilib, ularga nisbatan jami 8 milliard 10 million soʻm jarima va tabiatga yetkazilgan daʼvolar belgilandi. Sohaga oid aniqlangan qonunbuzarliklar soni 2018-yilning birini yarim yillik yakunlariga nisbatan 62,9 foizga, belgilangan jarimalar summasi esa 130 foizga ortgan.
Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida brakonyerlik tufayli hayvonot dunyosidan noqonuniy foydalanish, yaʼni noqonuniy ov qilish sohasida 158 qonunbuzarlik boʻyicha belgilangan jarima 35,4 million soʻm, ularga yetkazilgan zarar uchun belgilangan daʼvo summasi 84,3 million soʻmni tashkil etadi. Hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 84,8 foizga, belgilangan zarar summasi esa 42,7 million soʻmga ortgan.
Noqonuniy ravishda baliq ovlash qonunbuzarliklari boʻyicha 431 holat aniqlanib, qonunbuzarlarga nisbatan belgilangan jarima 98,4 million soʻmni, baliqlarga yetkazilgan zarar miqdori esa 626 million soʻmni tashkil etdi.
Oʻsimlik dunyosi obyektlari boʻyicha aniqlangan qonunbuzarlik holati 2533 ta boʻlib, belgilangan jarima 515,3 million soʻmni, oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori 2 milliard 243 million soʻmni tashkil etdi.
Jarima va zararni undirish hamda tegishli chora qoʻllash maqsadida 189 maʼmuriy hamda jinoiy ish hujjati huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.
Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasida aniqlangan qonunbuzarliklar soni oʻtgan yilga nisbatan 538 taga yoki 27 foizga, belgilangan jarima summasi 252,6 million soʻmga yoki 96 foizga ortgan, belgilangan zarar boʻyicha daʼvo soni 223 taga yoki 16,54 foizga koʻpaygan.
...Bolaligimda momom rahmatli gilam toʻqib oʻtirib, toʻquv qilichining borib kelishi asnosida, “har kim qilsa oʻziga, har kim qilsa oʻziga” deya xirgoiy qilardi. Bugun tabiatga, atrof-javonibga qilinayotgan har qanday nohaqlik, qonunbuzarliklar albatta bir kuni turli koʻrinishda oʻzimizga qaytguvchidir. Toʻgʻri, masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda surishtiruv ishlari olib borilib, aybdorlarga tegishli jazo choralari qoʻllaniladi. Lekin dunyoda goʻzallik, ezgulik kabi yorugʻ tushunchalardan bexabar kimsalarga insof soʻraymiz.
Jayron timsolida kuylangan qoʻshiq yana xayolimizda parvoz qiladi.
Senga toshlar otdi qay gumroh,
Jayron nega koʻzing toʻla yosh...