Jasoratning qadoq qoʻllari
1952-yilning ayni noyabri. Qattol tuzum dalalarni jangohga aylantirgan palla. Toʻqqiz oylik homila koʻtargan ayol madorsiz kaftlari bilan chanoqlarni paypaslaydi.
1952-yilning ayni noyabri. Qattol tuzum dalalarni jangohga aylantirgan palla. Toʻqqiz oylik homila koʻtargan ayol madorsiz kaftlari bilan chanoqlarni paypaslaydi. Beli aralash simillagan ogʻriqdan oyoqlari oʻziga boʻysunmayotgandek. Atrofga boqib, undan ancha ilgarilab ketgan sheriklarining nursiz roʻmollarini koʻradi. Dalaning toʻrt tarafini oʻrab turgan qari tutlar toʻlgʻoqning qora teri chakkasi boʻylab koʻz yoshi aralash oqayotgan ayolga madad boʻlish, sudrab kelayotgan bir quchoq paxtasini yelkasiga olish uchun dala tomon siljiyotgandek.
Odam bolasining rahmi kelmagan juvonga gʻoʻzalar egilib yoʻl ochar, shamol koʻylagining titilgan, nam yenglaridan tutgancha shiyponga tortqilardi. Shu kuni shiyponda yangragan chaqaloq yigʻisi qora sovuq tortib kelayotgan dalalarga subhidam boʻyini yoygandek boʻldi. Toʻp boʻlib shovullayotgan tutlarning chandir yelkalariga goʻdak nafasi tekkandek yengil tortdi. Oʻshanda shu azim dalalar oʻzi dunyoga keltirgan goʻdakni yillar oʻtib, shoʻr boylagan bagʻrida xirmon uyishini bilarmidi...
Shiypon biqiniga qoʻyilgan soʻrida sabzi kertayotgan Patila ona mehmonlarga koʻzi tushib, hassasini hozirladi. Bu insonga ilk bor yaqin kelayotgan boʻlsamda, bagʻrimga mahkam bosgancha koʻrishdim. U qoʻlimdagi qogʻoz, qalamga koʻz qirini tashlab, beixtiyor jilmaydi.
– Bu bizning ochiq osmon ostidagi “ofisimiz”, – dedi atrofga ishora qilib.
Oʻtgan yillar uning yoshiga monand bardoshi, hayotga munosabatini ham ulgʻaytirdi. Chayirligi sababmi ishning sen-meniga bormasdi. Chopiqqa chiqqan sheriklari uning yoniga tushmayman, deb turib olishardi. Chunki Patila hammadan oʻzib ketar, ustiga-ustak qolganlarning ortidan yurib chala ishlarini brigada boshligʻiga “chaqib” berardi. “Brigadirni aldaganing bilan koʻchatni aldolmaysan, yerning uvolidan qoʻrqmaysanmi?”, – derdi u norozi boʻlganlarga. – Shuning ketmonida baraka borda, – deb ortidan qarab qolardi koʻplar. Bir safar “ 1 metrga beshta ketmon ursam 15 sotixga 25 ming ketmon uraman”, deb hisoblab chiqqanda rais hayratdan yoqa tutgan.
–Bir kuni yumushlarimdan ortinib mazali ovqat pishirdimda ota-onamni koʻrgani bordim, – deydi Patila ona roʻmolini peshonasiga tortib. –Otam uyimiz kiraverishidagi yoʻlakda teshaga sop yasab oʻtirgan ekan. Yelkasidan olay, deb borsam, hali koʻrishmasimdan koyishga tushsa deng.
–Nega kelding? Bir emas ikkita guldek shiyponing bor. Brigadir boʻlsang, kuppa-kunduzi ish boshida turmasang koʻpning rizqi nima boʻladi bolam. Shu boʻldi hozirgacha ota uyimga kunduzi emas kechasi boradigan boʻldim.
Uning saʼyi-harakatlaridan koʻngli toʻlgan rais ikkita jamoa xoʻjaligi, yaʼni 120 gektar yerni qoʻshib unga topshirdi. Shuncha yerni eplashni oʻzi boʻlmaydi. Texnika topsa ishchi kuchi yetishmas, ishchi kuchini toʻplasa mineral oʻgʻit muammo, tabiat injiqliginiku aslo soʻramang. Baʼzan ekinga suvni bir xil taray deb, tong otargacha peshonasiga fonar bogʻlab, dalaning u boshidan bu boshigacha yurib chiqardi. Yaratganning oʻzi bandasining harakatiga yarasha barakasini yogʻdirib qoʻydi. Oʻsha yili xoʻjalik tarixida birinchi marta reja ortigʻi bilan bajarilib, davlatga 50 tonna paxta topshirildi.
Bu ayolning boshida ne-ne savdolar bayroq koʻtarmadi deysiz. Kenjatoy qizi ayni gullagan chogʻida bexos dard tegib nobud boʻldi. Uvatga mushtlab dod desa, kengliklardan shovullagan ovoz qaytardi. Yerning shoʻrini oqar suv bilan yuvgani kabi farzand dogʻida kuygan yuragini gʻoʻzalarni bagʻriga bosib sovutgandek boʻlardi shoʻrlik. Bugʻdoy maysasini bolam dedi, paykallarni boshini siladi, suyansa ketmoniga, togʻ kabi uyilgan xirmoniga suyandi.
Bugun Buvayda tumanida 70 gektar yer “Patilaxon” fermer xoʻjaligi nomi ostida, onamizning mehri, mehnatidan quvvat olib yashnab turibdi. Qishloqda yetmishdan ortiq odamni ish bilan taʼminlab, ularning qora qozoniga moy quyib turgan ham shu inson.
–Qirq yildan ortiq tuproq kechdim, yer bilan sirlashdim, –deydi Patillaxon opa. – Dehqonchilik doimiy harakat, qattiq mehnat degani. Tabiat dehqonni har yili imtihon qiladi. Ayniqsa, Qoʻqon shamoli bilan kelishish qiyin bu yerlarda. Shuning uchun atrofga dov-daraxtlarni qalin ekkanmizda. Shu kungacha birovning dilsiyohligidan zada boʻlmadim. Biroq reja bajarilmay xalqning oldida yuzim shuvit boʻlishidan hamisha qoʻrqaman. Dehqonchilik ham chegarasiz ilm, tabib bemorning tomir urishidan dardini anglagani kabi tuproqning rangiga qarab, unga qanday mineral oʻgʻit malham boʻlishini bilishing, yerning yurak urishini eshitib unga urugʻ qadashing lozim.
Yarim asr mobaynida charchoq bilmay elning dasturxoniga don, egniga shohi ipak kiydirgan insonga oʻtgan yillarni sarhisob qilish, oʻz qalbiga, bosib oʻtgan yoʻllariga razm solishi uchunmi taqdir unga xayrli sinov berdi. Bundan toʻrt yil oldin erta tongda yomgʻir siypalagan yoʻlakdan oyogʻi toyib yiqildi.
Ha, yurib turgan odamni koʻrpa-toʻshakka koʻndirishning oʻzi boʻlmadi. Agar singan oyogʻi emas boshqa tana aʼzosi boʻlganda koʻring, shifoxona palatasida bir kun ham yotmasdi. Shifokorlar axvoli jiddiyligini taʼkidlagach, farzandlari, yoru-doʻstlar xavotirga tushdi. U boʻlsa ha endi paygʻambar yoshida odam bir yangilanadida, – deb hammasini hazilga yoʻyardi. Koʻrgani kelganlardan tinmay hosilning unumini surishtirar, yotgan joyida ham dala-dashtini oʻylashni qoʻymasdi. Shifokorlar uning kutilgandan tez oyoqqa turayotganini turli sabablar bilan bogʻlashar, aslida esa Patila onaning qonidagi yashovchanlik, kurashuvchanlik yotgani qoʻymasdi. Halol insonning yuragiga tabiatning oʻzi quvvat boʻlarkan.
Patila ona soʻri chetidagi juft qoʻltiqtayoqqa suyanib, bizni dalaga boshladi. Shukrki, mustaqillik bizga mehnat-mashaqqatlarga munosib qadr berdi. Buning namunasi Patila ona “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi” unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni va oliy eʼtirof – “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlanganidir. Bu ayolga boʻlgan yuksak eʼtibor namunasi boʻldi.
–Bir qarich yernidan ham bekor qoʻymaymiz, – deydi qahramon ona. –Oʻzingiz oʻylang bir metr joy bir etak paxta, savat toʻla non degan gap. Dala atrofiga qovoq, tarvuz, qovun, sholi sepamiz. Yozda saksondan ortiq, qish kunlari kamida yigirma kishi uchun non, osh qaynaydi bu shiyponda. Bu yil qovun, tarvuz, sabzidan urugʻchilikka ham hissa qoʻshdik.
Dehqon yoʻgʻdan bor qiladi. Bu yorugʻ olamda ayol, ona boʻlishning oʻzi bir jasorat, ayol boshi bilan qish ichi yerning shoʻrini yuvib, erta bahordan to kech kuzga qadar tuprogʻu loy kechib, xirmon uyish – chinakam qahramonlik. Ana shu qahramonlikka yelka tutayotgan ishchilar jamoasi baraka bu – halollik, pok vijdonlilikda ekanligini Patila onadan yuqtirganlar. Yillar davomida koʻzining nuri koʻchatlarga termulib toʻkilgan ayolning koʻngli ham dalalaridek bepoyon.
Shu xayollar bilan xiyobondan oʻtib ketayotsam, qalamini chakkasiga qistirib olgan rassom yigitning ishlari eʼtiborimni tortdi. Beixtiyor uning yurakdan ishlangan suratlariga tikilib qoldim.
– Opajon rasmlar yoqdimi, keling istasangiz yangitdan chizib beraman, qani nimani chizaylik, – dedi u koʻzlari porlab.
–Qoʻllarni chizing,– dedim dadil ovozda. – Ipakdek nozik, biroq, shoʻr tuproqda tilim-tilim bʻlgan ayol qoʻllarini. Ketmon dastasida qadoqqa aylangan, ona xalqiga boʻlgan muhabbati, sadoqatini halol mehnati bilan izhor qilgan jasoratli qadoq qoʻllarni chizing!!!


Dilshoda ERGASHEVA,
Fargʻona viloyati