"Jasorat maktablari" uchun test sinovlari o‘tkazildi
Samarqand viloyatidagi “Jasorat maktablari” uchun kirish imtihonlari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik rahbari va “Jasorat maktablari” faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, umumta’lim muassasalarida “Jasorat maktablari” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shu asosda o‘tgan o‘quv yilidan e’tiboran tanlangan maktablarda “Jasorat sinflari” tashkil qilinib, o‘quvchilarning dastlabki qabuli amalga oshirildi. Ayni paytda Samarqand viloyatining 16 ta tuman va shahrida belgilangan ta’lim muassasalarida mazkur sinflar faoliyat yuritib, o‘quvchilar tahsil olmoqda.
– “Jasorat maktablari”ni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad huquq-tartibot organlari tizimi uchun har tomonlama yetuk, sog‘lom va vatanparvar yoshlarni tarbiyalashdan iborat, – deydi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini o‘tkazish bo‘yicha mas’ul Farrux Boltayev. – Joriy yilda viloyatdagi “Jasorat maktablari”ga 704 nafar o‘quvchini qabul qilish rejalashtirilgan. Test sinovlarida 1500 nafardan ortiq 5-sinf bitiruvchisi ishtirok etdi. Abituriyentlar matematika va ona tili fanlaridan 20 tadan, mantiqiy fikrlash bo‘yicha esa 10 ta test savoliga javob berdi.
Ayni kunda Al-Beruniy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga hamda “Prezident iqtidorli farzandlari tashabbusini qo‘llab-quvvatlash” milliy dasturi doirasidagi saralash imtihonlari ham tashkil etildi. Bu orqali o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishi oshirilib, iqtidorli yoshlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qayd etib o‘tish joizki, belgilangan umumta’lim maktablari dastur asosida “Jasorat maktablari” ma’lum bir yo‘nalishlarga ixtisoslashtirilishi rejalashtirilgan. Ushbu maktablarni a’lo baholarga bitirgan o‘quvchilarga belgilangan yo‘nalish bo‘yicha oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun imtiyozli yo‘llanma berilishi ko‘zda tutilgan
[gallery-30165]
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari