“Jasorat maktablari” ga kirish imtihonlari boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 3-noyabrdagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik rahbari va va “Jasorat maktablari” faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida “Jasorat maktablari” faoliyatini tashkil etish topshirig‘i berilgan.
Bugun mamlakatimiz bo‘ylab "Jasorat maktablari"ga kirish imtihonlarining birinchi bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Talabalar ona tili va matematika fanlaridan test sinovlarini topshirmoqda.
[gallery-30188]
Test sinovlari Bilim va malakalarni baholash agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi binosida, Qoraqalpoq davlat universitetining sport saroyida, Nukus davlat pedagogika institutining sport majmuasida hamda Nukus shahridagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatida yuqori darajada tashkil etildi. Imtihon jarayonlarini Nukus harbiy prokurori, adliya polkovnigi Aziz Matyakubov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Aybek Dauletbayevlar kuzatib, test sinovlarining ochiq-oydin, adolatli va belgilangan tartib-qoidalarga muvofiq o‘tkazilayotganini ko‘rib chiqishdi.
— Mazkur topshiriqqa muvofiq, 2026/2027 o‘quv yili uchun hujjatlar qabuli 15-maydan 4-iyun kuniga qadar onlayn shaklda my.gov.uz, ariza.piima.uz saytlari orqali qabul qilindi. Qabul doirasida “Jasorat maktablari”ga jami 2016 nafar talabgorlar onlayn hujjat topshirgan va arizalari qabul qilingan. Ulardan 1296 nafari o‘g‘il bolalarni, 720 nafari qizlarni tashkil etadi. O‘tgan yilgi qabulga nisbatan qiziqish bildirib hujjat topshirgan talabgorlar soni 440 nafarga ko‘paygan, — deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Ta’lim muassasalarida tarbiyaviy ishlarni muvofiqlashtirish va maktabdan tashqari ta’limni tashkil etish shu’basi rahbari Rapatdin Tanirbergenov.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari