“Jasorat maktabi” o‘quv-yig‘iniga start berildi
Sirdaryo viloyatida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda Vatanga sadoqat, fuqarolik mas’uliyati va jasorat tuyg‘ularini mustahkamlash, jismoniy hamda ma’naviy tayyorgarligini oshirishga qaratilgan “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik o‘quv-yig‘iniga start berildi.
O‘quv-yig‘inning tantanali ochilish marosimi Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari, podpolkovnik Nozimjon Bulturov boshchiligida o‘tkazildi.
Mazkur tashabbus yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash, ularni Vatan himoyasi bilan bog‘liq sharafli va mas’uliyatli vazifalarga ma’nan tayyorlash, turli hayotiy vaziyatlarda o‘zini to‘g‘ri tutish va jamoada harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Loyiha Sirdaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi, viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi, Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi, viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi va kuch tuzilmalari hamkorligida tashkil etildi.
[gallery-31014]
Tadbirda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi raisi Azizbek Rahmonov, viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi mutaxassisi Xolyigit Ortiqboyev, Toshkent harbiy okrugi tasarrufidagi Mirzaobod tumanida joylashgan Safarbarlik chaqiruvi rezervi bataloni komandiri, podpolkovnik Jahongir Usmonov, viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Shahzod Jabborov, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Xurshid Safarov, Milliy gvardiyaning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Otabek Sanaqulov, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi mas’ul xodimlari, shuningdek, Mudofaa ishlari boshqarmasi Faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi mayor Burxon Abdualimov ishtirok etdi.
O‘quv-yig‘in Toshkent harbiy okrugi tasarrufidagi Mirzaobod tumanida joylashgan Safarbarlik chaqiruvi rezervi bataloni bazasida tashkil etilgan. Bu yerda yoshlarga harbiy xizmatning o‘ziga xos jihatlari, kun tartibi, intizom va jamoaviylik tamoyillari, o‘quv-yig‘inning maqsad va vazifalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tantanali ochilish marosimida ta’kidlanganidek, bu kabi o‘quv-yig‘inlar yoshlarning harbiy kasblarga qiziqishini oshirish barobarida ularda qat’iyat, mas’uliyat, intizom, tezkor qaror qabul qilish va qiyinchiliklarga bardosh berish kabi muhim fazilatlarni shakllantirishga xizmat qiladi. Zero, Vatan himoyasi nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki yuksak ma’naviyat, mustahkam iroda va fidoyilikni ham talab etadi.
Tadbirning amaliy qismi esa ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Toshkent harbiy okrugining harbiy orkestr jamoasi tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar marosimga o‘ziga xos ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Shundan so‘ng, Safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmat qilayotgan yosh askarlar o‘zlarining harbiy tayyorgarlik bo‘yicha mahoratlarini namoyish etishdi. Jumladan, qo‘l jangi usullari, saf tayyorgarligi, AK-74 qurolini qismlarga ajratish va qayta yig‘ish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar namoyish qilindi.
Ayniqsa, qurolni ko‘zi bog‘langan holda qismlarga ajratib, qisqa vaqt ichida qayta yig‘ish bo‘yicha bajarilgan mashqlar tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu chiqishlar harbiy xizmatchilarning nafaqat jismoniy, balki diqqat-e’tibor, tezkorlik va aniq harakat qilish borasidagi tayyorgarligini ham namoyon etdi.
Tadbir davomida harbiy xizmatchilar tomonidan Vatan madhiga bag‘ishlangan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Vatan, xalq va yurt tinchligi haqidagi qo‘shiqlar yoshlarda milliy g‘urur va faxr tuyg‘ularini yanada kuchaytirdi.
— Eng muhimi, bunday mashg‘ulotlar yoshlarga harbiy xizmatni shunchaki kasb yoki burch emas, balki Vatan oldidagi yuksak mas’uliyat sifatida anglash imkonini beradi. Sirdaryoda boshlangan “Jasorat maktabi” o‘quv-yig‘ini yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sport va harbiy tayyorgarlikka keng jalb qilish, qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash yo‘lidagi muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi, — dedi Mudofaa ishlari boshqarmasi Faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi mayor Burxon Abdualimov.
Shunday qilib, Sirdaryoda start olgan “Jasorat maktabi” yoshlar uchun navbatdagi tadbir emas, balki ularni hayotning jiddiy sinovlariga tayyorlaydigan o‘ziga xos maktab vazifasini o‘tamoqda. Bu yerda shakllangan intizom, matonat va Vatanga sadoqat tuyg‘ulari esa yosh avlodning kelgusi hayotida muhim tayanch bo‘lishi shubhasiz.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA