Jasorat hech qachon unutilmaydi
“Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati yurtimiz boʻylab keng quloch yoymoqda.
“Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati yurtimiz boʻylab keng quloch yoymoqda. Oʻzini shu yurtga daxldor deb hisoblagan inson borki, bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlab, unga munosib hissa qoʻshishga intilayapti.
Harakatda Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi harbiy xizmatchilari ham faol ishtirok etmoqda. Ularning bu galgi manzili Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining xonadoni boʻldi.

Maʼlumki, 9-may kunida Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi mamlakatimizda ham keng nishonlanadi. Garchi bu urush olovi bizning zaminimizda alanga olmagan boʻlsa-da uning oqibatlari har bir oila hayotida ogʻir jarohatlar qoldirgan. Oʻsha paytda yurtimizda yashovchi 6 million aholining 1,5 millioni frontga safarbar qilingan.
Oʻsha mashʼum urushdan oilasi bagʻriga yorugʻ yuz bilan qaytganlar bor. Tengsiz jasorat koʻrsatib, koʻplarning olqishiga sazovor boʻlgan bu vatandoshlarimiz millatimizning faxri, iftixori.

Shunday insonlardan biri Chiroqchi tumanidagi Toshli qishlogʻida istiqomat qilayotgan Jumaniyoz bobo Xoʻjayorov 1941-yilda urushga ketib, 1942-yilning oxirida ogʻir yarador boʻlib yurtiga qaytgan. Oʻzining aytishicha, janggohda yarador holatda bir necha kun och-nahor qolib ketgan. Uni yarador qilgan oʻqlar izi haligacha azob beradi.
Harbiy xizmatchilar Jumaniyoz boboning holidan xabar olib, u bilan dildan suhbat qurdi. 100 yoshni qarshilagan boboga boshqarma rahbariyatining tabrik xati bilan birga 2 million soʻm pul mukofoti va oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.

Koson tumanidagi Oʻrta Obron qishlogʻida yashovchi Bekmir bobo Amanov esa 1938-yil harbiy xizmatga ketib, shu bilan 9 yil deganda qaytgan. Harbiy xizmatdan frontga, frontdan esa Berlinni tozalash ishlariga jalb qilingan.
Qaytgach 8 farzandli, 100 dan ziyod nevara-chevarali boʻldi. Pensiya yoshiga yetgunga qadar xoʻjalikda mehnat qildi. Oradan shuncha yil oʻtganiga qaramay bir gapni takrorlashdan sira charchamaydi – “Tinch va osuda kunlarimiz abadiy boʻlsin!”. Urush haqida esa eslashni ham istamaydi.

Shu kuni Davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilari va faxriylari Qarshi tumanidagi Kahlak qishlogʻida yashagan urush qatnashchisi Xoʻjaqul bobo Primov xonadonida ham boʻldi. Urushda dushmanga qarshi mardonavor kurashgan Xoʻjaqul boboga Gʻalabaning 75 yilligini nishonlash nasib etmadi. U joriy yil mart oyining soʻnggi kunlarida bandalikni bajo keltirdi. Xonadonda marhumning yodiga hurmat bajo keltirib, uning oila aʼzolariga pul va oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.
Bu uchrashuvlar, saxovat tadbirlari el-yurt tinchligi yoʻlida koʻrsatilgan jasorat hech qachon unutilmasligini yaqqol namoyon qildi.