Jasorat abadiy, xotira mangu...
Xotira-inson umrining mahsuli,yashab oʻtgan hayotimizning rostgoʻy taroziboni.
Xotira-inson umrining mahsuli,yashab oʻtgan hayotimizning rostgoʻy taroziboni. Inson oʻziga oʻlchab berilgan umrni yashar ekan, bu yoʻl yaxshi va yomon, yorugʻ yo armonli xotiralar bilan shuurimizga muhrlanadi. Bir kuni kelib, umr pillapoyalarimizning soʻnggi bekatida, ortimizga boqib, oʻsha xotiralar bilan yuzlashamiz.
Oʻsha onda “hayotda bekor yashamabman, umrim zoye ketmabdi” degan xulosaga kela olishimiz, oʻtkazgan umrimizdan mamnunlik hisini tuya olishimizning oʻzi eng katta saodat aslida. Shunday ekan, umrimizni savobli ishlar, yaxshiliklar bilan naqshinlash har birimizning oʻz qoʻlimizda.
Shukurkim, bugun dunyo sahnida Oʻzbekistonimizning oʻz oʻrni, oʻz maqomibor. Buning bariga yurtimizdagi tinchlik va xotirjamlik sabab. Ammo mana shu tinchlikni, mana shu musaffo osmonni qanchadan-qancha ajdodlarimiz orzu qilmagan edi deysiz?...
Bolaligimda, biz nabiralar, supada choy ichib oʻtirgan bobomning atroflariga yigʻilib olib, ulardan urush haqidagiqiziq hikoyalarini eshitishni xush koʻrar edik. Hammamiz har tomondan bobomni savollarga koʻmib tashlardik.
-Bobojon, nega bir qoʻlingiz yoʻq?.
-Urushda tashlab kelganman bolam...
Nigohlarida armon muhrlangan bobomning hamma hikoyalarini hayajon bilan tinglardim. Bolalik shuurimga muhrlangan xotiralardan biri, bobom hikoyalarining ichida birini koʻp takrorlar va aytayotganda bir nuqtaga tikilgancha uzoq muddat sukut saqlab, xotiralar ogʻushida jim xoʻrsinib qoʻyardilar. Xotiralar bobomni olis urush maydonlariga olib ketar ekan, endi bilsam.
Onamning otalari boʻlmish bobom, oʻn yetti yoshida urushga ketib, jangda daydi oʻqqa duch kelib, bir qoʻllaridan ayrilib qaytganlar. Hikoya qilishlaricha, Sodiq ismli hamqishloqlari oilada yettita qizdan keyin yagona oʻgʻil boʻlib, onalari yigʻlay-yigʻlay yakka-yu yagona oʻgʻillariniurishga kuzatgan ekan. Va har kuni xat kelishini kutib, ostonada telbanamo yoʻl poylagancha umri poyoniga yetgan.
Bobom Sodiqdan keyinroq urushga ketgan boʻlsalarda, jang maydonlarning birida doʻsti bilan nogohon uchrashib qolishadi, jangu-jadalda tuzukroq gaplashishning ham iloji boʻlmagan, ammo bobom oʻsha kunggi hamqishloqlarining gʻamgin koʻzlaridagi mehrni, katta sogʻinchni necha yillar davomida unutolmadilar, takror-takror soʻzlabberardilar. Afsuski, Sodiq urushdan qaytmadi. Ammo uning oʻsha tikilgan mayus nigohi bobom xotiralarida koʻp yillar yashadi, bu intiq nigoh - yurt mehri, vatan sogʻinchi edi.
Bugun biz uchun urush hikoyalari ertakdir, ammo dunyoda roʻy berayotgan voqea-hodisalarga nazar solib, barcha xalqlar ham mana shu tinchlik deb atalmish ulugʻ neʼmatdan birdek bahramand emasligining guvohi boʻlamiz. Buning natijasida onalar behalovat, qariyalar xotirjam hayot kechirishdan, farzandlar risoladagidagidek taʼlim-tarbiya olishdan mahrumdirlar.
Otam xotirlashicha, urushning soʻnggi yillarida, mamlakatda ocharchilik hukumron, otalar urushda, kasalmand volidalari qishning qirchillamasida amallab toʻrt joʻjabirday jonni bir kun och, bir kun chala toʻqlab, amallab kun koʻrishgan paytlar. Onalari har kuni: “Xudoyim, bolalarimni sogʻ-omon koʻklamgacha yetkaz, u yogʻiga yerdan quloq chiqargan chimni yeb kun koʻrib ketishar”, deya iltijo qilarkan...
Imom Taraboniy rivoyatlarida: “Qaysi biringiz tongda uyqudan uygʻonganda oilasi tinch, tani sogʻ va uyida bir kunlik yegulik boʻlsa, bilsinki, unda dunyodagi barcha neʼmatlar mujassam ekan.” – degan ekan.
Kezi kelganda qattiq taʼsirlantirgan bir voqeaga toʻxtalmoqchiman. Bir necha yil avval, xalqaro tadbir sabab, qoʻshni Afgʻonistondan yurtimizga tashrif buyurgan hamkasbimizni doʻstlarimiz poytaxtimizning eng yaxshi mehmonxonalaridan biriga joylashtirishadi. Ertangi tongda nonushta ustida aziz mehmondan “Yurtimiz yoqdimi, yaxshi dam oldingizmi?” – deya soʻrashadi. Mehmon, bir oz sukutdan soʻng, bir xoʻrsinib shunday gap boshlaydi:
– Balki siz men hozir aytadigan gaplarimga ishonmassiz, ammo bu haqiqat. Men bu tun shunchalar miriqib uxlabmanki, goʻyo jannat bogʻlaridagidek his etdim oʻzimni. Bunchalar halovatli va osuda uyquni bizning xalqimiz unutib qoʻyganiga ancha boʻlgan. Biz kunlarimizni hadik bilan oʻtkazamiz, tunlarni havotir bilan qarshi olamiz. Har kuni uyquga ketishdan avval oila aʼzolarimiz bilan rozi-rizolik soʻrab, vidolashib uyquga yotamiz.
Chunki har kecha qayerdadir yo bomba portlashi yoki qurollardan otilgan oʻqning mashʼum ovozi, yoinkim qaysidir bir bechoraning ayriliqdan alamli dod-faryodi qalbimizni tilka-pora qiladi. Qaysidir bir birodarimiz uzoqroq joyga otlansa, bir-birimizga alvido aytib xayrlashamiz, chunki uning sogʻ-omon qaytishi biz uchun dargumon. Shunday koʻrguliklar yurakni ezgan damlarda,boshimni olib uzoqlarga ketib qolgim keladi. Ammo na ilojkim, ota-bobolarimning hoki yotgan yerni tashlab qayerga ham borardim...
Dunyoda muqaddas tushunchalar bisyor, ammo bular ichida shunday bir neʼmat borki, uning sogʻinchi oldida shohu gado barobar, uning qadri dunyoning jamiki duru gavharlari, boyliklaridan-da baland. Bu Vatan atalmish makondir! Shukur, bugun bizning kunlarimiz halovatli, tunlarimiz tinch va osuda.Biz qanchalar ogoh va hushyor boʻlsak, yurtimiz, oilamiz va farzandlarimiz xavf-xatardan yiroq boʻladi. Zero, neʼmatning bardavom boʻlishi, uning shukri ato etilishiga ham bogʻliqdir.
Dastlab soʻzimni bobom xotiralaridan boshlagandim, ana shu mavzu bilan poyonlatmoqchiman. Bobom mustaqilligimizning ilk yillarida, uning epkinlarini his etib vafot etdilar. Avvallari “Vatan uchun” jang qilganlaridan koʻp faxrlanib gapirgan boʻlsalar, umrlarining oxirgi yillarida, ularni bir savol qiynab oʻtdi, armon boʻlib qoldi. Ular anglab yetgan haqiqat shu ediki, “Qanchadan-qancha yosh, navnihol yigitlarning umriga zomin boʻldi bu urush. Biz aslida kimning Vatani uchun jon olib, jon berib kurashgan edik?”…
Ming shukurlar boʻlsinkim bugun biz, oʻzimizning Vatanimiz quchogʻidamiz, oʻz vatandoshlarimiz koriga yaramoq baxtiga egamiz.Bu Vatanning mana shu tinchligi, obodligi, farovonligi va begʻubor osmonini asrab-avaylash esa har bir yurtdoshimiz uchun ham qarz, ham farzdir.
Bugun xalqlar, millatlar, davlatlar katta bir xavf oldida birlashmoqdalarki, bu ham boʻlsa koʻzga koʻrinmas balo – koronavirusdir. Bugun biror mamlakat yoʻqki, bu illatdan zavol koʻrmayotgan boʻlsa. Dunyoda qurol-yaroqsiz, tanku bombalarsiz kurash kechmoqda-ki, bu kurashda faqat hamqadamlik va hamjihatlikda, jamiki insoniyat hamfikrlikda,birlashibgina gʻolib boʻlishi mumkinligini anglab yetmoqda.
Yurtimizga kelgan bu balolarni ham albatta yengajakmiz. Axir biz, boshiga tushgan ne-ne kurashu koʻrguliklarni matonat bilan yengib oʻtgan mardonavor xalqmiz. Ushbu munavvar kunlarda duoda boʻlaylik-ki, Yaratganning oʻzi xalqimizni va butun insoniyatni oʻz panohida asrasin.
Xotira
Necha kun jang borarsuronli, notinch,
Uyqusin yoʻqotgan horgʻin dalada.
Dilda faqat bir soʻz, tilak va ilinj,
Ortga yoʻl yoʻq, maqsad faqat gʻalaba!
Jangchilarildamlar oldinga shahdam,
Oʻqdan tilka-pora metindayin tan.
Chekinmoqqa yoʻl yoʻq hatto bir qadam,
Axir ortda yurt bor, orqada vatan...
Banogoh uchrashdi jang maydonida,
Bir ovulda oʻsgan ikki qadrdon.
Fursat yoʻq suhbatning onimas bunda,
Faqat nigohlari soʻzlashur pinhon.
-Doʻstim omonmisan?
-Sen ham bormisan?
Oʻzingni avayla va yodingda tut.
Nasib etmasa-yu, jangdan qaytmasam,
Mening shu soʻzlarim boʻlmasin unut.
Vatanni sogʻindim, yurtni sogʻindim.
Osuda kunlarni baridan koʻproq.
Tinchlik zamonida yashash orzuim,
Qaysimizga nasib, u kunni koʻrmoq.
Koʻz ilinsa qalqir begʻubor osmon,
Shoshib ochsam urush, ayovsiz tanglik.
Ajal maydonidan sogʻ chiqmoq gumon,
Oh, qandayin shirin qoʻshigʻing, tinchlik!
Bir daydi oʻq kelib tegdi nogahon,
Oʻgʻlonning falakka tikildi koʻzi.
Orzular ham endi mangulik armon,
Labdan uchdi “Vatan” eng soʻnggi soʻzi...
Yillar oʻtsa ham-ki, yurakda bir tosh,
Qalbida chandigʻi, armon, oʻkinchi.
Bir jangchi bosh egar koʻzlarida yosh,
Qadri shunday baland Tinchlikning!
Zilola XOʻJANIYOZOVA,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.