Jarimani to‘lamagan shaxs ozodlikdan mahrum etildi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chortoq tumani sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor J. M. dan davlat foydasiga 20 400 000 so‘m jinoiy jarima undirish belgilangan. Mazkur ijro varaqasi Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan. Davlat ijrochisi tomonidan ish yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qarzdorga yuborilgan.
– Mazkur holat yuzasidan olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdorga jarimani to‘lashi uchun ixtiyoriy muddat berilgan, – deydi MIB Namangan viloyati boshqarmasi mas’ul xodimi Sohibjon Rafiqov. – Biroq ana shu muddat mobaynida qarz bartaraf etilmagan.
Shundan so‘ng, davlat ijrochisi tomonidan amalga oshirilgan majburiy ijro harakatlari jarayonida qarzdorning undiruvga qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulklarining yo‘qligi ma’lum bo‘lgan.
Jarimani majburiy undirishning imkoni bo‘lmaganligi sababli, amaldagi tartibga ko‘ra, davlat ijrochisi jarima tariqasidagi jinoiy jazoni, jazoning boshqa turi bilan almashtirish haqida sudga taqdimnoma kiritdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chortoq tumani sudining 2024 yil 5 iyun kungi ajrimiga asosan 20 million so‘mdan ortiq jarima jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri