Janubiy Koreya shimoldan uchirilgan raketalar masofasini baholadi
Janubiy Koreya Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi Shimoliy Koreya tomonidan chorshanba kuni ertalab uchirilgan qisqa masofali ballistik raketalar taxminan 240 kilometrga yetib borganini ma’lum qildi. Bu haqda “Yonxap” axborot agentligi yozgan.
Avvalroq KXDR Vonsan hududidan Yapon dengizi sharqiy tomoniga bir nechta ballistik raketa uchirgani haqida xabar berilgan edi.
Qayd etilishicha, bu yil hisobidan to‘rtinchi marta shunday voqea kuzatilgan. Janubiy Koreya va Amerika razvedka xizmatlari jarayonga tayyorgarlikni kuzatib borgan va tezkor ravishda tegishli ma’lumotni o‘zaro almashgan.
Shuningdek, Pxenyan seshanba kuni noma’lum snaryad uchirgani haqida ham ma’lum qilindi. Koreya Respublikasi va AQSH rasmiylari bu hodisani ham tahlil qilyapti. Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, uchirilganidan ko‘p o‘tmay, qurilma radar kuzatuvidan yo‘qolgan. Demak, amaliyot muvaffaqiyatsiz tugagan.
S.Rahimov, O‘zA