Janubda til bayrami hazrati Navoiyga ehtiromdan boshlandi
Surxondaryo viloyatida ham 21 oktyabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun o‘zbek tili bayrami sifatida keng nishonlanmoqda.
Bayram erta tongdan Termiz shahridagi Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yish bilan boshlandi.
Ona tilimizni jahonda ulug‘lashga benazir hissa qo‘shgan ulug‘ shoir haykali o‘rnatilgan maydonda viloyat hokimligi, tashkilot, idora va muassasalar vakillari, harbiylar, tilshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar, yoshlar ishtirok etgan tantanali tadbirda keyingi yillarda o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tibor yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi. Ona tilimizni yanada rivojlantirishga, uning jozibadorligini kelgusi avlodlarga ham bezavol yetkazishga xizmat qiladigan yangi tuzilma tashkil etilgani, tilimiz targ‘ibotiga doir yangi nashrlar, lug‘atlar chop etilayotgani ta’kidlandi.
– Mamlakatimizda so‘nggi yillarda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun milliy o‘zlik, ma’naviyat va adabiyot bayrami sifatida keng nishonlanayotganidan, ona tilimizning sayyoramizda mavqei yanada oshib borayotganidan har qancha faxrlansak arziydi, – deydi shoir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Mengnor Allamurodov. – Bu kunlarga erishishni ulug‘ ajdodlarimiz, bobolarimiz orzu qilib, yashab o‘tgan. Bugun teran ildizlari qadim o‘tmishga borib taqaladigan tilimizning qadri yanada oshib borayotir. U davlatchiligimiz, milliyligimiz, o‘zligimiz ramzi bo‘lib xizmat qilmoqda. Keyingi yillarda o‘zbek tili Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbari va turli nufuzli xalqaro anjumanlarda baralla yangrayotgani ham bunga yaqqol dalildir.
[gallery-19864]
Tantanali tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov so‘zga chiqdi.
Viloyatda bayram tadbirlari davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri