Jang san’atlari: O‘zbekiston 2026 yilgi Osiyo chempionatiga mezbonlik qiladi
40 yil ichida ilk bor YUNESKOning katta tadbiri uning bosh qarorgohi joylashgan Parijda emas, Samarqandda tashkil etilgani xalqaro hamjamiyat e’tiborini O‘zbekistonga qaratdi.
Anjuman doirasidagi muhim tadbirlar, ijtimoiy-siyosiy tizimda qabul qilingan qarorlar, erishilgan kelishuvlar Samarqand xalqaro maydonda yuksak ishonch, birdamlik va hamjihatlik mayog‘i sifatida e’tirof etilishini ta’minladi.

YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida ishtirok etgan Butunjahon jang san’atlari ittifoqi (WoMAU) delegatsiyasi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida olimlar, mutaxassislar bilan o‘tkazgan uchrashuvda jang san’atlari bo‘yicha 2026 yilgi Osiyo chempionatini yurtimizda tashkil etish taklifini ilgari surdi.
Muloqot jarayonida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimov mehmonlarga mamlakatimizda aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etish, shuningdek, yakkakurash sport turlarini ommalashtirish borasidagi ishlar haqida so‘zlab berdi.

Suhbat yakunida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish, xalqlar o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro hurmat va hamkorlik muhitini mustahkamlashga, 47 mamlakatning 50 dan ortiq federatsiyalarini birlashtirgan WoMAU tizimidagi tadbirlarni O‘zbekistonda o‘tkazish istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Mehmonlar universitetning zamonaviy sport inshootlari, o‘quv-laboratoriya majmualari hamda moddiy-texnik bazasi bilan tanishdi. Yakkakurash sport turlari yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar tomonidan tayyorlangan “Jang san’atlari” festivali namoyish etildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA