Jamoatchilik kengashi: nazorat qiladi, yordam beradi
Davlatimiz rahbarining shu yil 20 yanvarda qabul qilingan “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ichki ishlar organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimini yaratish maqsadida Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy bo‘linmalarida jamoatchilik asosida doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblangan, soha olimlari, faxriylari va jurnalistlardan iborat jamoatchilik kengashlari tuzilishi belgilangan edi.
Mazkur hujjat ijrosiga ko‘ra, Urgut tumani ichki ishlar boshqarmasida ham jamoatchilik kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
– Aslida, bu biz uchun yangi tajriba emas, – deydi Urgut tumani ichki ishlar boshqarmasi jamoatchilik kengashi raisi, faxriy pedagog Quddus Asqarov. – Keyingi ikki-uch yilda tumanimiz ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Biz tizim xodimlariga o‘z hayotiy tajribalarimizni o‘rgatyapmiz. Aholining, jamoatchilikning ular haqidagi fikri, faoliyatiga berayotgan bahosidan kelib chiqib, nimalarga e’tibor qaratish kerakligini tushuntiryapmiz.

Hozir ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar idoralari xodimlarining aholi bilan muomala-munosabati haqida har kuni turli xil fikrlar bildirilyapti. Ayrim noxush holatlarga ham duch kelamiz. Ana shunday paytda kengash a’zolari to‘planib, boshqarma rahbariyati bilan birga masalani muhokama qilamiz, zarur chora-tadbirlar ishlab chiqamiz.
Bundan tashqari, keyingi paytda jinoyat va huquqbuzarliklarni mahallalarda, jamoatchilik bilan birga muhokama qilish, jinoyatlarning kelib chiqib sabablari hamda oqibatlarini tahlil etish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tadbirlarda ham jamoatchilik kengashi a’zolari qatnashib, o‘z fikrlarimizni bildiryapmiz. Kengash tarkibida tumanimizning ko‘zga ko‘ringan nuroniylari, ichki ishlar idoralari faxriylari, mahallalar faollari, jurnalistlar va el o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega kishilar bor. Ularning har birining fikri, albatta, jamoatchilikni e’tiborsiz qoldirmaydi.

- Umuman, maslahat, murosa yo‘li yaxshi-da, hamkorligimiz tufayli hech bir masala yechimsiz qolmaydi. Prezidentimiz qarori bilan ichki ishlar tizimining barcha bo‘g‘inlarida jamoatchilik kengashlarining tashkil etilishi ichki ishlar organlarini aholining ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilmaga aylantirish, ularning fuqarolar, jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik bilan yaqin hamkorligini mustahkamlashga xizmat qiladi, - deydi Q.Asqarov.
Qarorda jamoatchilik kengashlariga ichki ishlar organlari faoliyatida qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, soha bo‘yicha ijtimoiy fikrni o‘rganish va tizimli monitoring olib borish, ichki ishlar organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish jarayonida ijtimoiy fikr va jamiyat manfaatlari hisobga olinishini ta’minlash choralarini ko‘rish qayd etilgan. Shuningdek, ichki ishlar organlari faoliyatidagi korrupsiya holatlari bo‘yicha internet va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan xabarlarni batafsil o‘rganish hamda uning natijasini keng jamoatchilikka yetkazish vazifalari qo‘yilgan.

– Jamoatchilik kengashi uchun boshqarmamizda alohida xona ajratilgan, – deydi Urgut tumani ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Damir Sultonov. – Kengash a’zolari tez-tez bu yerda to‘planib, biz bilan birga shu kecha-kunduzdagi muhim masalalarni muhokama qilishadi.
Shuningdek, har hafta shaxsiy tarkib ishtirokida o‘tkaziladigan ma’rifat soatida qatnashib, xodimlarga o‘z maslahat va tavsiyalarini aytishadi. Aholi bilan muloqot qilishimiz, joylarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, kriminogen vaziyat og‘ir hududlarda fuqarolar bilan ishlashimizda jamoatchilik bilan hamkorligimiz yaxshi natija bermoqda. Bu raqamlarda ham o‘z aksini topmoqda. Garchi o‘tgan yil umumiy jinoyatlar 2021 yilga nisbatan oshgan bo‘lsa-da, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar 13 taga, og‘ir jinoyatlar 9 taga kamaydi. Jumladan, qasddan odam o‘ldirish 4 taga, qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish 4 taga, yengil tan jarohati yetkazish 5 taga, yo‘l-transport hodisalaridagi o‘limlar soni 8 taga, firibgarlik jinoyati 41 taga kamayishiga erishildi.
Tuman IIB mas’ullarining qayd etishicha, uch yil oldin Urgut tumani mamlakat ichki ishlar organlari tizimida “qizil” toifadagi hudud sifatida qayd etilgan bo‘lsa, bugunga kelib “yashil” toifaga o‘tgan.
G‘olib HASANOV, Alisher ISROILOV (surat), O‘zA