Jamoatchilik byudjet jarayonining ishtirokchisiga aylanmoqda
Fuqarolarni byudjet jarayoniga jalb qilish mexanizmining ishga tushirilishi joylarda aholini qiynab kelayotgan muammolarning yechimini topish va jamoatchilikni byudjet jarayonining ishtirokchisiga aylantirishda alohida vosita bo‘lib xizmat qilmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 22 sentyabrdagi “Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida Farg‘ona viloyatida ham muayyan ishlar olib borilmoqda.
“Openbudget” fuqarolar tashabbusi dasturi doirasida O‘zbekiston tumanida bir qator ijtimoiy soha ob’ektlari hamda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash loyihalari g‘olib deb topilib, ayni kunlarda ushbu loyihalarni amalga oshirish ishlari boshlangan. Xususan, jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlar doirasida shu kunlarda “Haydarobod” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 46-umumta’lim maktabida sun’iy qoplamali futbol maydonchasi qurish, Shakarobod qishlog‘idagi 10-maktab hamda “Yakkatut” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 18-maktabda zamonaviy tipdagi hojatxona qurilishi ishlari bajarilmoqda.

Yozyovon tumanida jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlar doirasida Soybo‘yi mahallasidagi Soybo‘yi ko‘chasining 1500 metr masofasini asfaltlash rejalashtirilgan bo‘lib, ayni damda mazkur ko‘chada asfaltlashtirish ishlari nihoyasiga yetkazildi. Shuningdek, “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Oqshom ko‘chasining 370 metr qismi va “Qo‘rg‘oncha” mahalla fuqarolar yig‘ini Obod diyor ko‘chalarining 500 metr qismlarida asfaltlashtirish ishlari bajarildi.
«Ochiq byudjet» axborot portali orqali kelib tushgan takliflar soni 100 tadan ortiq bo‘lgan mazkur ikki tumanga Respublika byudjetidan qo‘shimcha ravishda 500 million so‘mdan mablag‘ ajratilgan.
M. Sulaymonov, O‘zA