Jamoatchi eko-inspektorlar taqdirlandi
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi N.Oblomurodov Jizzax viloyatiga xizmat safari davomida jismoniy va yuridik shaxslarning sohaga oid murojaatlari yuzasidan sayyor qabul o‘tkazdi.
Sayyor qabulda fuqarolarning oqova suv, chiqindi muammolari, maktabgacha ta’lim va umumta’lim maktablarida yoshlarning ekologik bilimini oshirish, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash va boshqa ekologiya, atrof-muhit bilan bog‘liq taklif va murojaatlari tinglandi.
– Jizzax shahrida yashayman, uyimiz yaqinida avtomobillarni yuvish shoxobchasi bor va uning hidiga, ayniqsa issiq kunlarda umuman chidab bo‘lmaydi, – deydi Bahrom Sangilov. – Shahrimizda yuzga yaqin shu kabi shoxobchalar bahor-yoz kunlari bir kecha kunduzda deyarli 24 soat, kuz-qishda 12-16 soatlab ishlaydi. Avtomobillarni yuvayotgan paytida suv tortadigan nasosdan foydalaniladi. O‘shanda bizga suv kelmay qo‘yadi. Har bir avtomobillarni yuvish shoxobchasi texnik, ya’ni iste’molga yaroqsiz suvdan foydalanishi lozim. Qolaversa, bu shoxobchalarda shu texnik suvni qayta ishlash uskunasi va suv jamg‘aradigan idishi bo‘lishi kerak. Lekin nafaqat ularda, balki shahrimizdagi o‘nlab xuddi shunday “avtomoyka”larda ana shunaqa uskuna, idishlar mavjud emas va ular aholi uchun berilayotgan toza ichimlik suvidan foydalanib, oqova suvni kanalizatsiya tarmog‘iga emas, shahardagi ariqlarga oqizib qo‘yadi. Natijada havo sal isiganida, atrofni o‘ta noxush hid bosib ketadi.
[gallery-9351]
– Yirik shaharlarga borganimizda har qadamda, turli mayda chiqindilarni tashlash uchun kichik-kichik chiqindi qutilariga ko‘zimiz tushadi, – deydi nafaqadagi pedagog Fotima Xoliqova. – Lekin Jizzax shahrida, tashkilot, korxonalarni oldida bor, xolos. Tumanlarda esa bu qutichalar deyarli uchramaydi. Shu sababdan fuqarolar har qanday chiqindini duch kelgan joyga tashlab ketaveradi. Sharoit yaratilib, keyin tozalik talab qilinishi kerak.
Sayyor qabul jarayonida kelib tushgan har bir murojaatni belgilangan muddatlarda ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Sayyor qabulda uchta murojaat joyida hal etildi. Vaqt talab etadigan masalalar bo‘yicha aniq muddat belgilanib, ijrosi qatiy nazoratga olindi.
So‘ng atrof-muhitga befarq bo‘lmasdan, mas’uliyat bilan ishlab kelayotgan 2 nafar jamoatchi inspektorga tashakkurnoma va mukofot pullari topshirildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA