Jamoat transporti yoʻl haqi oshmadi
Yoʻlovchi tashish xizmatlarida narx-navo oʻzgargani yoʻq.
Surxondaryo viloyati transport boshqarmasi va viloyat IIB yoʻl-harakati xavfsizligi boshqarmasi hamkorligida yoʻlovchi tashish xizmati koʻrsatayotgan avtotransport vositalarini ertalab ishga chiqishdan oldin texnik, haydovchilarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va haydovchilarning muomala madaniyatini oshirishga qaratilgan tadbirlar tashkil etilmoqda.
Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqab ketishining oldini olish hamda undan saqlanish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar belgilangan bir paytda amalga oshirilayotgan bu tadbir aholiga transport xizmati koʻrsatish sifati va samaradorligi yana-da yaxshilashga, yoʻl haqini asossiz oshirmaslikka koʻmaklashayotir.
Prezidentimiz 18-mart kuni mahalla va oila masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida ham koronavirus muammosiga alohida toʻxtalib, xalqimizga murojaat qildi. Yurtimizda yetarli darajada zaxira mavjudligi, xavotir yoki vahimaga tushishga hech qanday asos yoʻqligini atroflicha tahlil qilib berdi. Shifokorlar tavsiyalariga amal qilib, shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidalariga har birimiz oʻz oilamiz, bolalarimiz bilan uyimizda, ishxonamizda va boradigan joylarimizda qatʼiy amal qilishimiz zarurligini taʼkidladi.
Surxondaryo viloyatida aholi xotirjam turmush kechirmoqda. Jamoat transporti yoʻlovchilarga bir maromda xizmat koʻrsatayotir. Yoʻlovchi tashish xizmatlarida narx-navo oʻzgargani yoʻq.
– Vohada yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatuvchi 264 ta korxona faoliyat yuritmoqda, – deydi viloyat transport boshqarmasi avtomobil tashuvlari xavfsizligini taʼminlash va nazorat qilish boʻlimi boshligʻi Islom Joʻrayev. – Viloyat IIB yoʻl-harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari bilan birgalikda tashkil etayotgan bu tadbirlarimiz yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash barobarida odamlar orasida paydo boʻlishi mumkin boʻlgan turli xavotirlarga ham chek qoʻyadi. Xalqimizning koʻpga kelgan baloga bahamjihat boʻlib harakat qilishdek, ezgu maqsadlarini namoyon etadi.
Termiz shahrida 29 ta korxona yoʻlovchilarni tashish xizmati koʻrsatmoqda. Erta tongdan viloyat transport va viloyat IIB yoʻl-harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari uchun dastlab mazkur vazifaning mazmun-mohiyati tushuntirilib, tegishli topshiriqlar berildi. Ular transport vositasining texnik, haydovchilarning tibbiy koʻrikdan oʻtgani, dizenfeksiya qilingani kabi holatlar bilan tanishib, haydovchilarga yoʻl kira haqini oshirmaslik, yoʻlovchilar bilan xushmuomalada boʻlish, harakat xavfsizligi qoidalariga qatiy amal qilish yuzasidan zarur tavsiyalarni bildirmoqda.
–Dunyoda jiddiy tashvish uygʻotgan bu baloni xalqimiz bilan jipslashib, birgalikda yengib oʻtamiz,– deydi “Avtotrans Angor” davlat unitar korxonasi haydovchisi Muzaffar Xudoyqulov.– Bunday kunlarda elning haqiga xiyonat qilib, pul orttirish millatimizga xos xislat emas. Shuning uchun ham yoʻlovchi tashish narxini oshirish yoki yoʻlovchilardan ortiqcha pul talab qilishni hayolimizga keltirayotganimiz yoʻq. Aksincha, xushmuomalalik bilan mijozlarimizni ahil, inoq boʻlishga daʼvat etayapmiz. Yoʻnalishimizning yoʻl haqi ming soʻm etib belgilangan. Manziliga yetib kelgan odamlar shu pulni berib, minnatdorlik bilan tushib ketmoqda.
Mazkur tadbir viloyat tumanlarida davom etmoqda.