Jamg‘arma mablag‘i soha rivojiga hissa qo‘shmoqda
Qishloq xo‘jaligi
Qishloq xo‘jaligi mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi sohalaridan biri. Keyingi yillarda uni rivojlantirish va samaradorligini oshirish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Zero, davlatimiz taraqqiyoti, xalqimiz turmush farovonligi, dasturxonimiz fayzi bevosita agrar tarmoq istiqboliga bog‘liq.
Islohotlar jarayonida xususiy mulkchilik shaklini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa o‘zining yuksak samaralarini berayotgani quvonarlidir.
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi jamg‘arma 2018-2024 yillar davomida birgina Sirdaryo viloyatidagi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari hamda “Tomorqa xizmati” MCHJlarni moliyaviy jihatdan qo‘llab- quvvatlash uchun 112,9 milliard so‘m ajratdi. Jumladan, mazkur mablag‘ning 77,6 milliard so‘mi tomorqa yer egalariga, 7,6 milliard so‘mi fermer xo‘jaliklariga, 15,2 milliard so‘mi “Tomorqa xizmati” MCHJlarga, 6,8 milliard so‘mi suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan mahallalarga artezian quduqlar qazish xarajatlarini qoplash uchun yo‘naltirildi.
[gallery-21371]
Yo‘naltirilgan ushbu mablag‘lar soha rivojida to‘g‘ri taqsimlanib, bugungi kunda o‘z mevasini bermoqda.
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.Xaitov Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanidagi “Quyosh” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, aholi bilan uchrashdi.
Ishchi guruhi Quyosh mahallasidagi Isroil Chakalovning xonadonida bajarilgan ekin-tekin ishlari bilan tanishdi. Xonadon o‘ziga tegishli 8 sotix maydonning 6 sotixida issiqxona tashkil qilgan bo‘lib, unda 100 ming tupdan ziyod pomidor ko‘chati yetishtirmoqda.
Mo‘’jazgina yerda yetishtirilib, iste’molchilarga yetkazib berilayotgan mahsulot hisobiga oilaning farovonligi, dasturxonining to‘kinligi ortdi. Qolaversa, uning oila a’zolari ham ishli, ham daromadli bo‘ldi.
Sirdaryoda Isroil Chakalov singari omilkorlik bilan ish ko‘radigan, katta bo‘lmasa-da, mo‘’jazgina yer maydonidan samarali foydalanayotgan, issiqxona xo‘jaligini tashkil etib, undan yuqori hosil olib, bozorlarning to‘kinligiga, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shayotganlar soni tobora ortib bormoqda.
Uning qo‘shnisi Bakradze Binalining xonadonida ham 4 sotixda issiqxona barpo etilgan bo‘lib, limon va ko‘katlar yetishtirilmoqda.
– Bejizga yerni rizq-ro‘z, qo‘shimcha daromad manbai deb aytishmas ekan, – deydi Bakradze Binali. – Gektar-gektar maydondamas, 5-6 sotixli tomorqada issiqxona qurib, unga turli sabzavot va ko‘katlarni ekib, yuqori hosil olsa bo‘larkan. Buni o‘z tajribamda sinab ko‘rib, yana bir bor amin bo‘ldim.
Qayd etish joizki, mazkur mahallada 1055 ta xonadon bo‘lib, ularning ekin maydoni 195,1 gektarni tashkil etadi. Shundan 748 ta aholi o‘z xonadonida issiqxonalar barpo etgan. Mavjud issiqxona maydonlari esa 35,6 gektarga yetdi.
Mahallada 17 ta motoblok va 2 ta kichik (mini) texnika aholi xonadonlariga xizmat qiladi. Mahalla sabzavotchilikka ixtisoslashgan bo‘lib, issiqxonalarda sabzavotlar, pomidor, bulg‘or qalampiri, bodring va ko‘katlar yetishtiriladi.
307 ta xonadon esa ochiq maydonda kartoshka va sabzavot ekinlaridan daromad olmoqda. 2024 yil yakunlariga ko‘ra, aholi taxminan 3 milliard 560 million so‘mlik daromad qildi.
Yurtimizda yetishtirilayotgan har qanday qishloq xo‘jaligi mahsuloti, xoh u ochiq dalada, xoh u issiqxona sharoitida bo‘lsin, ta’mi va vitaminlarga boyligi, quyosh nuriga to‘yinganligi bilan ko‘pgina davlatlardagi shu turdagi mahsulotlardan ajralib turadi. Shuning uchun ham xaridorgir. Bu esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ko‘payishiga, eksport imkoniyatining ortishiga xizmat qilmoqda.
Nilufar Bozorova,
O‘zA muxbiri