Jaloliddin Asamutdinov: «Inson dardiga davo izlab kelgan joyda adolat izlashga majbur bo‘lmasligi kerak»
Tibbiyotga ishonch shifoxona qabulxonasidan boshlanadi. Navbatning adolatliligi, to‘lovning shaffofligi, shifokorning munosabati – bemor islohotlarni, avvalo, shu mezonlar orqali baholaydi. Yangi bino va zamonaviy jihozlar qanchalik muhim bo‘lmasin, fuqaro xizmat olish uchun tanish izlasa yoki norasmiy to‘lov qilishga majbur bo‘lsa, islohotning samarasi sezilmaydi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida sog‘liqni saqlash tizimida ochiqlik, hisobdorlik va korrupsiyaning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida Sog‘liqni saqlash vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari Jaloliddin Asamutdinov bilan suhbatlashdik.
– Korrupsiyaga qarshi kurash natijasini bemor nimada his qilishi kerak?
– Bemor islohotni o‘zi olgan tibbiy yordam orqali baholaydi: shifokor qabuliga kirdimi, zarur muolajani oldimi, ortiqcha xarajat qilmadimi – asosiy mezon shu.
Sog‘liqni saqlashga ajratilayotgan mablag‘ va yaratilayotgan imkoniyat bemorga yetib borishi kerak. Korrupsiya esa shu yo‘lda to‘siq paydo qiladi. Dori ta’minotidagi qonunbuzilish ham muassasaga, ham bemorga zarar keltiradi. Ishga qabul qilishdagi adolatsizlik esa malakali mutaxassisning imkoniyatini cheklaydi.
Shuning uchun tibbiyotda halollik xizmat sifati bilan bevosita bog‘liq. Fuqaro o‘z qonuniy haqqini olish uchun kimningdir marhamatiga muhtoj bo‘lmasligi kerak.
– O‘rganishlar muammoning ildizini nimada ko‘rsatyapti?
– Ayrim qonunbuzilishlar ish jarayonining noto‘g‘ri tashkil etilganidan kelib chiqyapti. Masalan, muassasada pullik xizmat bor, ammo tungi vaqtda to‘lovni rasmiy qabul qilish tartibi ishlamaydi. Bemor yordamga muhtoj, kassir yo‘q – noaniqlik paydo bo‘ladi.
Shuning uchun faqat «qoidani buzmang» deyish yetarli emas. Qoidaga amal qilish uchun sharoit ham yaratilishi kerak.
Hozir pullik tibbiy xizmatlar, dori ta’minoti, davlat xaridlari, tibbiy sug‘urta, litsenziyalash va ishga qabul qilishda korrupsiyaviy xavflarni oldindan aniqlashga e’tibor qaratilmoqda.
– Bunday katta tizimda komplayens nazorati qanday yo‘lga qo‘yilgan?
– Vazirlik tizimida yuridik shaxs maqomiga ega 4 123 ta tashkilot va tibbiyot muassasasi bor, sohada qariyb 600 ming nafar xodim ishlaydi. Shu bois, nazoratning joylarda ishlashi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
14 ta hududiy boshqarma va 63 ta tizim tashkilotida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha mas’ul lavozimlar joriy etildi. Ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazirga bo‘ysunadi va hisobot beradi.
Komplayensning vazifasi kamchilikni yashirish emas, uni vaqtida ko‘rish, yechim taklif qilish va bajarilishini nazorat qilishdir.
– Nazorat natijasida qanday holatlar aniqlandi?
– 2026-yilning birinchi yarmida korrupsiya xavfi yuqori yo‘nalishlarda 451 ta o‘rganish o‘tkazilib, 498 ta korrupsiyaviy omil va qonunbuzilish aniqlandi.
Jami 57,5 milliard so‘mlik moliyaviy zarar qayd etildi. 12,8 milliard so‘mning maqsadsiz sarflanishi oldi olindi, yetkazilgan zararning 63,9 million so‘mi undirildi.
Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanishda 30 dan ortiq qonunbuzilish va 46,9 milliard so‘mlik maqsadsiz sarf aniqlandi. Davlat tibbiyot muassasalariga tegishli 165,4 gektar yer va 251 ta ko‘chmas mulk ob’ektini vazirlik roziligisiz begonalashtirish holatlari bo‘yicha materiallar Bosh prokuraturaga yuborildi.
Biz uchun aniqlangan holatni hisobotga kiritish bilan ish tugamaydi. Asosiy natija – xuddi shu qonunbuzilishni yana takrorlashga imkon bergan salbiy holatlarni bartaraf etish.
– Davlat mablag‘larini asrash, hisobdorlikni kuchaytirish bo‘yicha qanday natijalar bor?
– Davlat xaridlarida narxning asoslanganligi, shartnoma shartlari va kafolat majburiyatlariga nazorat kuchaytirildi.
Natijada tibbiy jihozlar bo‘yicha kafolat majburiyatlarini kuzatish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. Tahlillarga ko‘ra, 247 milliard so‘m mablag‘ tejaldi, 10 milliard so‘mlik ortiqcha rejalashtirishning oldi olindi.
Vazirlik markaziy apparatida tuzilgan 189 ta xo‘jalik shartnomasining barchasiga korrupsiyaga qarshi qoidalar ham kiritildi.
– Tizimdagi xodimlarda shaxsiy manfaat xizmat vazifasiga aralashmasligi uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?
– Manfaatlar to‘qnashuvini oldindan ochiqlashga e’tibor kuchaytirildi. 2026-yilda 15 806 nafar xodim ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida yillik deklaratsiya to‘ldirdi. Ishga qabul qilinayotgan 280 nafar nomzod qonunchilikdagi cheklovlar bo‘yicha tekshirildi.
Buxoro va Samarqandda 339 ta manfaatlar to‘qnashuvi, jumladan, qarindosh-urug‘chilik bilan bog‘liq holatlar bartaraf etildi.
Masala qarindoshlikning o‘zida emas. Muhimi, xizmat vakolati shaxsiy manfaatga xizmat qilib qolmasligi. Xarid ham, ishga qabul qilish ham xolis mezonga tayanishi kerak.
– Qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan rahbar va xodimlarga qanday chora ko‘rilmoqda?
– Qonunbuzilish javobsiz qolmasligi kerak. 164 ta xizmat tekshiruvi natijasida 74 nafar mansabdor shaxs ishdan bo‘shatildi, 300 nafari intizomiy, 2 nafari ma’muriy javobgarlikka tortildi. 14 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Agar misol tariqasida aytadigan bo‘lsak, Respublika tez tibbiy yordam markazi va uning hududiy filiallarida 142 nafar xodimga chora ko‘rildi: 104 nafariga hayfsan, 36 nafariga jarima qo‘llanildi, 2 nafari bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Shu yo‘nalishda ikki holat bo‘yicha 2 milliard 728 million so‘m mablag‘ning noqonuniy sarflanishi oldi olindi.
– Sohada nazorat va jazodan tashqari, halollik muhitini shakllantirishda xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qay darajada e’tibor qaratilmoqda?
– Xodim qoidani bilishi, xavfli vaziyatni tanishi va qanday yo‘l tutishni tushunishi kerak.
«Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi»da 3 231 nafar boshqaruv xodimi, boshqa o‘quv kurslarida 1 584 nafar xodim o‘qitildi. «Tibbiyotda korrupsiyaning oldini olish» maxsus kursida 2 442 nafar talaba hamda 51 243 nafar shifokor va o‘rta tibbiyot xodimi ishtirok etdi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi va Xaridlar markazida ISO 37001:2025 xalqaro standarti joriy etildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi reytingida vazirlik 83 ball bilan «yaxshi» natija qayd etdi.
Ammo o‘qitishning haqiqiy samarasi kundalik qarorda ko‘rinadi. Xodim manfaatlar to‘qnashuvini vaqtida ochiqlasa, rahbar asossiz to‘lovga yo‘l qo‘ymasa, mas’ul shartnoma ijrosini talab qilsa, bilim amaliyotga aylangan bo‘ladi.
– Aholi murojaatlari bilan ishlash jarayonlari qanday yo‘lga qo‘yilgan?
– Fuqaroning murojaati amalda vaziyat qanday ekanligini ko‘rsatadi. Korrupsiya holatlari haqida xabar berish uchun «1203» qisqa raqamli Call-markazi kechayu kunduz ishlayapti.
Sayyor qabullarda 199 ta murojaat qabul qilinib, 151 tasi joyida hal etildi.
G‘ijduvonda 350 nafar, Davlatobodda 400 nafar, Urgutda 290 nafar fuqaro bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Uch hududdagi 110 ta davolash-profilaktika muassasasida «Ochiq eshiklar kuni» tashkil qilinib, qariyb 4 500 nafar aholiga islohotlar mazmuni tushuntirildi.
Lekin hamma ham shikoyat bilan murojaat qilavermaydi. Shuning uchun bemor va xodimlar fikri so‘rovnomalar orqali ham o‘rganilmoqda. Shunday so‘rovnomalardan birida 54 784 nafar respondent ishtirok etdi.
– Bu so‘rovnomalar tizimdagi ehtimoliy korrupsiya manzarasini ko‘rsata oldimi?
– O‘tkazgan so‘rovnomalarimizda bemorlarning 0,8 foizi shifokorga pul yoki sovg‘a berganini, xodimlarning 1,8 foizi ishga qabul qilinishida rahbarga pul berganini aytgan. Yana 2,7 foiz xodim rahbarni bayramlarda qimmatbaho buyum yoki pul bilan tabriklaganini bildirgan.
Bemorlarning 4,7 foizi tekshiruvlar uchun pul to‘laganini aytgan. Bu tayyor huquqiy xulosa emas. Xizmat pullimi yoki bepul, to‘lov rasmiy qabul qilinganmi – alohida o‘rganilishi kerak.
Lekin foiz kichik ekan, muammo ham kichik, degan qarash noto‘g‘ri. Bizning maqsadimiz – fuqaroda «haqqimni olish uchun kimnidir rozi qilishim kerak» degan xato tushunchaga o‘rin qoldirmaslikdir!
– Tizimda tibbiy xizmat amalda qanday ko‘rsatilayotgani ham bevosita tekshirilyaptimi?
– Ha. Shu maqsadda «sirli mijoz» amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirlarda Toshkent shahridagi ayrim tug‘uruq bo‘limlarida tug‘uruq uchun 800 ming so‘mdan 5 million so‘mgacha mablag‘ talab qilingan holatlar aniqlangan.
Shu bois, 218 ta tug‘uruqxonada korrupsiyaviy holatlar va omillarni bartaraf etish bo‘yicha 2026-yilga mo‘ljallangan yo‘l xaritalari tasdiqlandi.
– Xususiy tibbiyotda, xususan litsenziyalashda qanday o‘zgarishlar kutilyapti?
– Litsenziyalashda tadbirkor uchun talab tushunarli, ekspertiza mezoni aniq, xulosa esa asoslangan bo‘lishi kerak.
2026-yilgi ustuvor vazifalar qatoriga litsenziya berishda ekspertiza tekshiruvlari va xulosalarni taqdim etishdagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish kiritilgan.
Bu tadbirkor uchun asossiz to‘siqlarni kamaytirish, bemor uchun esa muassasaning belgilangan talablarga xolis baholanishi degani.
Shuningdek, «Raqamli komplayens» platformasini integratsiya qilish, muassasalarning «korrupsiyaviy xavf-xatarlar pasporti»ni shakllantirish va ularni xavf darajasiga qarab toifalarga ajratish rejalashtirilmoqda.
– Bu mexanizmlar amalda qanday natijalarga olib kelishi mumkin?
– Har bir muassasaning xavfi har xil. Bir joyda xaridlar, boshqasida pullik xizmatlar, yana birida kadrlarga oid qarorlar ko‘proq e’tibor talab qilishi mumkin.
Muassasalarni «qizil», «sariq» va «yashil» toifalarga ajratishdan maqsad – nazoratni aniq xavfga yo‘naltirish.
Raqamlashtirish doirasida hozirgacha 62 ta modul ishga tushirilgan. Korrupsiyaviy omillar bo‘yicha 56 ta taklif ishlab chiqilib, 9 tasi amaliyotga tatbiq etilgan.
Aholi esa natijani tizimning nomi bilan emas, to‘lovlarning ochiqligi, ovoragarchilikning kamayishi va murojaatiga o‘z vaqtida munosabat bildirilishi orqali his qilishi kerak.
– Siz uchun aynan shu yo‘nalishdagi islohotlarning eng muhim mezoni nima?
– Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijasi aholi hayotida sezilishi kerak.
Bemor shifoxonaga kelganda tanish izlamasa, xizmat tartibini oldindan bilsa, to‘lovning asosi va miqdori ochiq ko‘rsatilsa, shikoyat qilishdan cho‘chimasa – o‘zgarish shunda seziladi.
Tibbiyot xodimi ham adolatni his qilishi kerak. Uning bilimi va mehnati qadrlansa, rahbarning talabi barchaga bir xil bo‘lsa, halol ishlashga rag‘bati kuchayadi.
Fuqaro o‘z dardi bilan birga tizimning kamchiligini ham ko‘tarib yurishga majbur bo‘lmasligi kerak. Qonunbuzilishga yo‘l ochgan holatni tuzatish, mablag‘ni asrash va xizmatni ochiq tashkil qilish – rahbar va mas’ullarning vazifasi.
Inson dardiga davo izlab kelgan joyda adolat izlashga ham majbur bo‘lmasligi kerak.
– Mazmunli suhbat uchun tashakkur!
O‘zA muxbiri Mohigul Qosimova suhbatlashdi.