Jahonga namoyon etilgan siyosiy iroda
2020 yil 10 aprel. Xuddi mana shu kuni o‘zining siyosiy irodasini jahonga namoyon etib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining nufuzli minbarida ilk bor o‘z ona tilida nutq so‘zlagan hamda bu orqali butun dunyo ahlini hayratga sola olgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida» Qonunni imzoladi.
To‘g‘ri, bundan oldin ham, yanayam aniqrog‘i, 1989 yildan boshlab 21 oktyabrni o‘ziga xos ravishda bayram qilib kelganmiz. Ammo 2020 yildan e’tiboran 21 oktyabr rasman O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi. Albatta, bundan kimdir o‘zida yo‘q quvongan bo‘lsa, kimdir ochiq-oshkora bo‘lmasa ham «hap sanimi» degandek tishlarini g‘ijirlatgani aniq. Chunki bir millatning mustaqil bo‘lishi, o‘zini, o‘zligini, milliy urf-odatu an’analarini, qadriyatlarini tanishi, bilishi, qalban his qilishi va ularni boshqa tashqi kuchlarning salbiy ta’siridan himoya qilishi hammaga ham ma’qul kelavermaydi. Ayniqsa, bu millat, bu davlat uzoq yillar davomida kimgadir har tomonlama qaram bo‘lgan bo‘lsa...
Shu o‘rinda XX asr o‘zbek she’riyatining o‘ziga xos vakili, millatparvar shoir – Shavkat Rahmonning shogirdi Rahmon Qo‘chqor bilan bir suhbatda aytgan gaplarini keltirib o‘tishni joiz deb topdim:
– Bir yuzu o‘ttiz yildan so‘ng qo‘lga kiritilgan mustaqilligimizni osonlikcha berib qo‘ymaymiz, – dedi Shavkat aka mushtlarini tugib. – Mayda-chuyda gaplarni bir chetga yig‘ishtirib qo‘yish kerak. Asosiysi – mustaqillik... Uni qo‘ldan bermaymiz...
Nima uchun gapni mustaqillikka olib kelyapsan, deyishga shoshilmang. Axir O‘zbekiston mustaqilligi arafasida o‘zbek tili davlat tiliga aylanmadimi? "wikipedia" ma’lumotlarida tilimiz 1989 yil 21 oktyabr kuni 178 mamlakatning rasmiy tillari qatoriga qo‘shilgani qayd etilgan. Bugun ana shu sa’y harakatlar natijasida dunyoda 60 millionga yaqin (ba’zi manbalarda 50 million) odam o‘zbek tilida so‘zlashmoqda.
Nazarimda, 2020 yil 10 aprelni o‘zbek tili rivoji, ravnaqi, kelajagi, rivojlanishi hamda yanada takomillashishi uchun 1989 yil 21 oktyabrga tenglashtirish mumkindek. Chunki ushbu ikki sana o‘zbek tili «hayoti»da alohida ahamiyat kasb etadi.
Raqamli texnologiyalar vazirligida rahbariyatning shaxsan ko‘magi va qo‘llab-quvvatlashi natijasida to‘liq davlat tilida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ish yuritilishi ta’minlangan. Boshida biroz qiyin bo‘lgan bo‘lsa ham, bugun mevasini ko‘ryapmiz. Eng quvonarlisi, rus yoki ingliz tilida muloqot qiluvchilar soni kamaydi. Shuningdek, avval hujjatni rus tilida tayyorlab, keyin o‘zbek tiliga tarjima qiladigan hamkasblarimiz bugun ba’zi xato va kamchiliklarni inobatga olmaganda, davlat tilida ravon yozmoqda.
Yaqinda telefonim jiringladi, go‘shakni ko‘tarsam, narigi tomondagi qiz ajnabiy tilida so‘zlamoqda. Davlat idorasiga qo‘ng‘iroq qilganligi uchun u bilan o‘zbek tilida muloqot qila boshladim. Avvaliga qiz gapimni tushunmaslikka oldi, lekin men davom etavergach, u ham o‘zbek tilida so‘zlashishni boshladi. Bir-birimizni tushunishda qiynaldik, biroq ismi-sharifi o‘zbekcha qizni o‘zbek tilida gapirishga majburladim. Suhbatimiz yakuniga yetish arafasida unga o‘zi so‘zlagan ajnabiy tilda bu davlat idorasi ekani, davlat idorasida esa davlat tilida ish yuritilishi, muloqot qilinishini tushuntirdim.
Yana bir yangilikni aytib o‘tmasam bo‘lmas. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 20 oktyabrdagi farmoni ijrosi doirasida vazirligimiz tomonidan tizimdagi qator korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda «Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lug‘ati» yaratildi. Ushbu lug‘at avvaliga 1000 dona rejalashtirilgan bo‘lsa ham, keyinchalik ushbu yo‘nalishga bo‘lgan talab va ehtiyojni inobatga olib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2000 dona nashr qilindi. Ushbu lug‘atlar vazirlik va idoralar, shuningdek, mahalliy hokimliklarga bepul tarqatildi.
Bugun zamon rivojlanmoqda. Hayotimizning har bir jabhasiga yangidan-yangi texnologiyalar va ular orqali yangi atamalar kirib kelmoqda. Biz osoniga o‘rganib qoldik. Jon koyitishni istamaymiz. Bu atama xorijda yoki birinchi marta qo‘llanilgan mamlakatda qanday qo‘llanilsa, shundaygina qabul qilib qo‘ya qolamiz. Bahona «agar biz bu atamani o‘zbekchal ashtirsak, xorijlik hamkorlarimiz tushunmaydi» emish. Bekor gap. Ey inson, sen bu atamaning o‘zbek tilidagisini bir marta o‘sha hamkoringga tushuntir va keyin bemalol foydalanaver. Menimcha, u bunga sirayam qarshilik qilmasa kerak. Yana bir bahona tayyor. O‘zbek tilida uning muqobili yo‘q. Bo‘lmagan gap. O‘zbek tili sizu biz o‘ylaganchalik «kambag‘al» emas. Biz bilmaymiz xolos. Kitob javonida turib, chang bosib yotgan lug‘atlarni titishni, hech bo‘lmaganda deyarli hamma savolga javob topish mumkin bo‘lgan internetni kovlashtirishni xohlamaymiz.
Kezi kelganda, me’yoriy-huquqiy hujjat, ya’ni qonunchilikka muvofiq qabul qilingan, umummajburiy davlat ko‘rsatmalari sifatida huquqiy me’yorlarni belgilashga, o‘zgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjatlarni ishlab chiquvchilarga qarata ikki og‘iz so‘z. Me’yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish jarayonida u qaysi yo‘nalishda bo‘lsa, notanish atamalarga duch kelinganida ana shu soha mutaxassislari, ayniqsa, malakali tilshunoslar bilan maslahatlashish, tilimizga kirib kelishi kutilayotgan yangi atamaning o‘zbekcha muqobilidan foydalanish mumkinku! Ba’zan bir xorijiy so‘zning bip-binoyidek o‘zbekchasini ishlatishni taklif qilsangiz, ana shunday hujjatlarni ro‘kach qiladiganlar topiladi. «Mana qonun hujjatida shunday qo‘llanilgan» deb ko‘rsatishadi. Bu bilan hech kimning bilimiga shubha bildirmoqchi emasmiz, ammo har ne bo‘lganda ham soha bilimdonlariga murojaat qilgan ma’qulroq.
Menimcha, barcha vazirligu idora, korxonayu tashkilotlarda davlat tilida, xususan, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ish yuritishni, har bir rahbar, eng avvalo, o‘zidan boshlashi kerak. Chunki siz har qancha qo‘l ostingizdagi xodimga xuddi shu yo‘nalishda topshiriq bermang, agar o‘zingiz bu ishni qilmas ekansiz, undan buni kutmang. Zero, xalqimiz bekorga «qush uyasida ko‘rganini qiladi» degan naqlni ishlatmaydi.
Nurulla Abdullayev,
Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi