Jahon kubogi taqvimi bilan tanishing
Joriy yilning 15-17 aprel kunlari poytaxtimizda badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi bo‘lib o‘tishi haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi tomonidan o‘tkazilayotgan ushbu musobaqada O‘zbekiston, AQSH, Avstraliya, Ozarbayjon, Bolgariya, Kolumbiya, Buyuk Britaniya, Gruziya, Germaniya, Italiya, Qozog‘iston, Latviya, Yangi Zelandiya, Sloveniya, Armaniston kabi davlat vakillari g‘oliblik uchun kuch sinashadi.
O‘zbekiston badiiy gimnastika federatsiyasi musobaqa taqvimini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 15 aprel – musobaqaning birinchi kuni bo‘lib, bahslar start oladi va turnirning ochilish marosimi o‘tkaziladi. 16 aprel kuni ishtirokchilar ko‘pkurash bahslarida (yakka va guruh mashqlari) raqobatlashib g‘olib va sovrindorlar nomi aniqlanadi hamda ular taqdirlanadi.
Shuningdek, 17 aprel kuni gimnastikachilar alohida yo‘nalishlarda chiqish qiladi va ular o‘rtasida eng yuqori ball to‘plagan sportchilar sharafiga taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Jahon kubogining so‘nggi kuni yopilish marosimida gala-konsert o‘tkaziladi.
Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA