Jahon chempionlari harbiy xizmatchilar huzurida
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qorovul qo‘shinlariga qarashli Andijon shahridagi harbiy qismda olimpiada va jahon chempionlari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi "Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, harbiy xizmatchilar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda boks bo‘yicha olimpiada hamda jahon chempioni Muhammadqodir Abdullayev, kikboksing bo‘yicha jahon, qo‘l jangi bo‘yicha Osiyo chempioni Mirzohid Atoboyev ishtirok etdi.
Tadbirning ochilishida so‘z olgan harbiy qism komandiri, polkovnik J.Sa’dullayev va boshqalar tomonidan harbiy xizmatchilarning jismoniy va jangovar tayyorgarligi, professional salohiyatini yanada oshirishda sport bilan muntazam shug‘ullanish, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalariga qat’iy amal qilish muhim ekanligi ta’kidlandi.
[gallery-14568]
Uchrashuvda chempionlar Muhamadqodir Abdullayev, Mirzohid Atoboyev har bir yigit uchun Vatan himoyasi muqaddas, Vatan himoyachisi bo‘lish sharafli burch ekanligi, harbiy xizmatchining sport bilan muntazam shug‘ullanishi, jismoniy tayyorgarligi yuksak bo‘lishi esa uning harbiy xizmatni yuqori darajada ado etishiga yordam berishini alohida qayd etib, o‘zlarining sportdagi faoliyati, chempionlik bilan bog‘liq xotiralari haqida gapirdi.
Unutilmas taassurotlarga boy, qiziqarli muloqot va savol-javob tarzida o‘tgan, harbiy xizmatchilarning ruhiyatini ko‘targan uchrashuvda chempionlar harbiylarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob qaytardi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari