Jahon chempionatida zafar quchganlar taqdirlandi
Xabar berganimizdek, dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar va yoshlar terma jamoalari Bosniya va Gersegovina hamda Ekvadorda o‘tgan jahon chempionatlarida yuksak natijalarni qayd etdi.
Mazkur jahon chempionatlarida yurtimiz sport shuhratini ulug‘lagan dzyudochilarimiz hamda ularning murabbiylari O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi rahbariyati tomonidan pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Bayramona tarzda o‘tgan taqdirlash marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosarlari Azizjon Komilov va Sherzod Toshmatov, murabbiylar, dzyudochilar hamda ularning ota-onalari yurtimizda sportchilarga yaratilayotgan shart-sharoitlar yutuqlarga omil bo‘layotganligini e’tirof etishdi.
Eslatib o‘tamiz, Tohir Fayziyev murabbiyligidagi o‘smirlarimiz dunyo birinchiligida 1 ta oltin, 4 ta kumush, 3 ta bronza medali bilan 60 ta davlat orasida 4-o‘rinni egallagan bo‘lsa, jamoaviy bahslarda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi ilk bor bronza medalini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi esa jahon chempionatida 1 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida kuchli beshlikdan joy oldi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA