Jahon banki O‘zbekiston ta’limiga 105 million dollar ajratdi
Jahon banki O‘zbekistonda boshlang‘ich ta’lim sifatini oshirish va kelajakda raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashga qaratilgan yirik dasturni moliyalashtirishni ma’qulladi. Mazkur tashabbus mamlakat ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, o‘qituvchilar salohiyatini oshirish hamda maktab infratuzilmasini yaxshilashga xizmat qiladi.
Vashingtonda Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekiston hukumatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 100 million dollar miqdorida imtiyozli moliyalashtirish ajratishni tasdiqladi. Shuningdek, Ta’limni moliyalashtirish xalqaro jamg‘armasi (IFFEd) tomonidan 5 million dollarlik grant ham taqdim etiladi. Bu mazkur jamg‘arma va Jahon banki o‘rtasidagi ilk hamkorlik hisoblanadi.
Mazkur mablag‘lar «Iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun maktab ta’limini o‘zgartirish» (BILIM) dasturini amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Dasturning umumiy qiymati 378 million dollar bo‘lib, uni moliyalashtirishda O‘zbekiston Hukumati 273 million dollar, Jahon banki 100 million dollar, IFFEd esa 5 million dollar hissa qo‘shadi.
So‘nggi yillarda mamlakatda aholi sonining tez o‘sishi va ichki migratsiya jarayonlari maktablar yuklamasini sezilarli darajada oshirdi. Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026-yilda O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari soni 7,6 million nafardan oshadi.
Bu ehtiyojni qondirish uchun mamlakatda har yili taxminan 300 ta yangi maktab qurilishi talab etiladi.
Ayni paytda boshlang‘ich ta’lim bilan qamrov darajasi 99 foizdan yuqori bo‘lsa-da, o‘quvchilarning o‘qish savodxonligi va matematika bo‘yicha xalqaro baholash dasturlaridagi natijalari hali ham kutilgan darajada emas. Shuningdek, o‘qitish metodikalari va pedagoglarning kasbiy rivojlanish tizimini takomillashtirishga ehtiyoj saqlanib qolmoqda.
Dastur Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida amalga oshiriladi.
Bu hududlarda mamlakatdagi barcha maktablarning qariyb 45 foizi joylashgan bo‘lib, aynan shu yerlarda o‘quv o‘rinlari yetishmasligi va ta’lim sifati bilan bog‘liq muammolar nisbatan ko‘proq kuzatiladi.
BILIM dasturi doirasida 50 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, maktab direktorlari va ta’lim tizimi rahbarlari qayta tayyorlanadi hamda malakasi oshiriladi.
Yangi maktablar qurish va mavjudlarini kengaytirish hisobiga 27 mingta yangi o‘quv o‘rni yaratiladi. Ta’limni boshqarishda raqamli ma’lumotlar bazasi takomillashtirilib, resurslardan samarali foydalanish tizimi joriy etiladi. Ushbu chora-tadbirlar 1-4-sinflarda tahsil olayotgan qariyb 2 million nafar o‘quvchiga, jumladan, ularning yarmini tashkil etuvchi qiz bolalarga bevosita naf keltirishi kutilmoqda.
Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxasinning ta’kidlashicha, boshlang‘ich sinflarda o‘qish, matematika va ijtimoiy-emotsional ko‘nikmalarni rivojlantirish mamlakat inson kapitali va iqtisodiy taraqqiyoti uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Uning qayd etishicha, aynan shu ko‘nikmalar kelajakda yoshlarni tez o‘zgarayotgan mehnat bozori talablariga moslashtirish, yuqori daromadli ish o‘rinlariga ega bo‘lish va innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda mamlakat iqtisodiy rivojlanishining eng muhim omillaridan biri, sifatli ta’limdir. Zamonaviy mehnat bozori endi faqat diplomni emas, balki funksional savodxonlik, tanqidiy fikrlash, raqamli ko‘nikmalar va muammoni hal qilish qobiliyatini ham talab qilmoqda. Shu nuqtai nazardan, BILIM dasturi nafaqat maktablar qurish yoki o‘qituvchilarni qayta tayyorlash loyihasi, balki O‘zbekistonning inson kapitaliga yo‘naltirilgan uzoq muddatli investitsiya hisoblanadi. Ta’lim sifatiga kiritilgan har bir sarmoya kelajakda mehnat unumdorligining oshishi, iqtisodiy o‘sish va aholi farovonligining yuksalishiga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA