Jaholatga qarshi ma’rifat
Andijon davlat universitetida “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Universitet professor-o‘qituvchilari, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi viloyat vakilligi xodimlari, talabalar ishtirokida o‘tkazilgan tadbir avvalida mavzuga oid maxsus tayyorlangan ijtimoiy videorolik namoyish etildi.
Jaholat, uning turli ko‘rinishlari, salbiy oqibatlari hamda ma’rifatning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyati keng yoritilgan videorolik ishtirokchilar, ayniqsa, talabalarning mavzuga oid bilim va tushunchalarini yanada boyitdi.
[gallery-25246]
Shundan so‘ng mutaxassis va imom-xatiblarning “Inson qadri va huquqlarining ustuvorligi – taraqqiyot poydevori”, “Jaholatning salbiy oqibatlari”, “Yoshlar ongida ma’rifatparvarlik g‘oyalarini shakllantirish, diniy bag‘rikenglik va milliy qadriyatlarga hurmat”, “Yoshlar ijtimoiy tarmoqlardan to‘g‘ri foydalana olyaptimi?” singari qator mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi.
Qiziqarli ma’ruzalar orqali jaholatning jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, ma’rifatning inson kamolotidagi beqiyos o‘rni, yoshlarning turli illat, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishlari ta’siriga tushib qolishining salbiy oqibatlari, ijtimoiy tarmoqlardan oqilona foydalanish, shuningdek, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan yondashish naqadar muhim ekanligi hayotiy misollar asosida talabalarga tushuntirildi.
Tadbir davomida talabalarning jaholatga qarshi yuksak ma’naviyat, bilim va ma’rifat bilan qarshi turish, jaholatga yetaklovchi illatlardan xalos bo‘lish, bu borada “tengdosh-tengdoshga” tamoyili asosida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish bo‘yicha taklif, fikr va mulohazalari tinglandi.
Talabalar mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddi hamda diniy idora vakillaridan batafsil javob oldi.
F. Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari