Jadid bobolarimiz faoliyati bizga ibratdir!
Prezidentimiz joriy yilning 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasidagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish, bunda targ‘ibotning hayotiy, ta’sirchan, samimiy usullarini keng qo‘llash masalasiga alohida to‘xtaldi. Ayni paytda yurtimiz ziyolilari Vatanimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida bir emas, bir necha qadam oldinda bo‘lmoqliklari zarurligiga jiddiy e’tibor qaratdi.
Toshkent shahrining Uchtepa tumani Madaniyat markazida “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida o‘tkazilgan “Mahallada duv-duv gap” ma’naviy-ma’rifiy va madaniy-musiqiy tadbirida ayni jihatlarga ahamiyat qaratildi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya Ashula va raqs ansambli tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi kuylanib, “Vatan madhi” videoroligi namoyish etildi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator, Minhojiddin Mirzo hamda Uchtepa tumani hokimi Farhod Abdullayev ma’naviy-ma’rifiy yuksalish borasidagi islohotlar Yangi O‘zbekiston strategiyasida jamiyatning ruhini belgilab beruvchi eng muhim yo‘l sifatida bejiz tanlanmaganini ta’kidladi. Tashkil qilinayotgan bunday tanlovlar va tadbirlarning asosiy maqsadi ham tanlangan yo‘limizda barcha yurtdoshlarimizni birlashtirish, hamjihatlikka chaqirishdir.
Mamlakatimizda barcha jabhalarda kechayotgan yangilanish jarayonlarida ma’rifiy islohotlar alohida o‘rin egallaydi. Madaniyat va san’at, adabiyot, ta’lim-tarbiyada ro‘y berayotgan ulkan ijobiy o‘zgarishlar mustaqil fikrli, sog‘lom dunyoqarashga ega bo‘lgan, o‘z taqdirini Vatan taqdiri bilan uyg‘un ko‘rgan avlodni kamolga yetkazishdek ezgu maqsadlarga yo‘naltirilgan.
Tadbirda “Yangi Uchtepa taraqqiyoti” videoroligi ham namoyish etildi. Unda Uchtepa tumanida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida hikoya qilinadi.

Tantana ishtirokchilarini “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Zulfiya Mo‘minova hamda Uchtepa tumani bosh imom xatibi Dovudxon Ubaydullayev mamlakatimizda boshlangan islohotlar ortga qaytmas tus olgani, oldimizga qo‘ygan oliy maqsadlarga erishishda barchaning hamjihatligi muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdi. Bu borada ayniqsa, jadid bobolarimizning faoliyati, ular o‘z umrini baxshida etgan olijanob g‘oyalar barchamiz uchun ibratdir.
O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyori, O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minov ijrosida “Sohibqiron Amir Temur” spektaklidan parcha namoyish etildi. Tadbirda ma’naviy-ma’rifiy soha bo‘yicha viktorina tashkil etilib, u qizg‘in savol-javoblar ostida o‘tdi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dilfuza Rahimova, Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari, “Humo” bolalar ashula va raqs ansambli hamda “Durdona” folklor jamoasi tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

* * *
Poytaxtimizning Bektemir tumani Abay mahallasidagi “Bektemir” majmuasida bo‘lib-o‘tgan “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” nomli ma’rifiy tadbir ham shunday qizg‘in ruhda o‘tdi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yosh avlod tarbiyasi, bilim olishi, ma’naviyati yuksalishi masalasiga doimiy ustuvor ahamiyat qaratib kelinayotgani, bu yo‘lda zarur barcha imkoniyatlar ishga solinayotganini alohida ta’kidladi. Kitobxonlikni targ‘ib etish, milliy adabiyotimizni rivojlantirish borasidagi ezgu sa’y-harakatlar yoshlarning o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqini tobora orttirmoqda.

* * *
Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida bo‘lib o‘tgan ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirda yurtimizdagi barcha ezgu sa’y-harakatlar zamirida inson, uning qadr-qimmati, manfaatlari ustuvor ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbirda mamlakatimiz tinchligi va osoyishtaligi, farzandlarimizning ongu-shuurini asrab-avaylashda barcha – ijodkor ziyolilar, pedagoglar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, mahalla, xotin-qizlar faollari bir tanu bir jon bo‘lib, astoydil harakat qilishi zarurligi ta’kidlandi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tashkil etilgan bunday tadbirlar mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda.

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri