Izlanishlar samarasi: OKMKda 99,97 foizli sof molibden metalli olindi
Hozirgi kunda radioelektronikada ishlatiladigan ko‘plab mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun nodir metallarga bo‘lgan talab oshmoqda.

Kombinatning Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy ishlab chiqarish birlashmasining asosiy vazifalaridan biri ham metallar asosida toza molibden metallini olish hisoblanadi. Kuni kecha ana vazifa uddalandi. 99,97 foiz tozalikdagi molibden metalli olindi. Joriy yilning may oyida birlashmaning molibden va volfram ishlab chiqarish bo‘yicha pirrometallurgiya sexi tarkibida molibden metallini olish bo‘yicha yangi uchastka faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu uchastkada olib borilgan samarali tadqiqot ishlari natijasida sof holdagi, ya’ni 99,97 foizli molibden metalli olindi va ishlab chiqarishga joriy etildi.


Shu kungacha ilmiy birlashmada 96,4 foizli molibden ishlab chiqarilgan. Ahamiyatlisi uning soflik darajasi qancha oshib borsa narxi ham ko‘tarilib boraveradi. Jahon bozorida iyun oyida 1 kilo 99.97 foizli molibdenning narxi 46.85 dollarni tashkil etmoqda. Demak, molibden eksportining o‘sish sur’ati 2,43 foiz oshdi. 99,97 foizlik molibden kombinatga 5 milliard so‘mlik foyda keltiradi. Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasining Molibden va volfram ishlab chiqarish bo‘yicha pirrometallurgiya sexi 820 tonna molibden mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lsa, bu mo‘’jazgina uchastkaning yillik ishlab chiqarish quvvati 400 tonna molibden metallini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Shu kungacha uchastkada 1 tonna 99,97 foizli molibden ishlab chiqarildi. Sof holda olinayotgan molibden metallining 98,5 foizi eksport qilinmoqda.

Yana bir e’tiborli jihati shundaki, ushbu uchastka tashkil etilishi natijasida 16 ta yangi ish o‘rni yaratildi. 2021 yilda kombinat mutaxassislari va olimlari tomonidan reniy metalli sof holatda olingan edi. Shuningdek, bugungi kunda birlashma mutaxassislari tomonidan molibden tarkibli kompozit mahsulotlar ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yilgan.
OKMK Axborot xizmati,
O‘zA