Izlanish va intilish samarasi
Zangiota tumanidagi “Takro Osiyo” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Kamoliddin G‘iyosov “Tashabbus – 2015” respublika ko‘rik-tanlovi g‘olibi bo‘ldi
Zangiota tumanidagi “Takro Osiyo” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Kamoliddin G‘iyosov “Tashabbus – 2015” respublika ko‘rik-tanlovi g‘olibi bo‘ldi
Tadbirkor bir so‘mni bir so‘mga urib, uch so‘m qilish payida bo‘ldi. U shu maqsadda avval bozordagi savdosi chaqqon mahsulotlarni obdon o‘rgandi. So‘ng aql-idrokini, ishbilarmonlik qobiliyatini ishga soldi, yelib-yugurdi. Bu urinishlar tezda samarasini berdi. 2009-yilda mato to‘qish va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan “Takro Osiyo” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etdi.
Bugungi kunda “Takro Osiyo”da 140 nafarga yaqin xodim mehnat qilmoqda. Bu yerda kuniga uch yuzdan ziyod turdagi import o‘rnini bosuvchi eksportbop trikotaj mahsulotlari tayyorlanib, ichki va tashqi bozorga peshma-pesh yetkazib berilayotir.
Bozorda muayyan mahsulotga bo‘lgan talabni birday ushlab turishda quyidagi taomil qo‘l keladi: Mahsulotning sotuv bahosini saqlab qolgan holda, tarkibi, hajmi, iste’molga yaroqliligi, sifati xaridor foydasiga o‘zgarishi kerak. Tadbirkor shu fikrga tayandi. O‘z mablag‘i va bank krediti hisobiga ishlab chiqarish quvvatini oshirdi. Mahsulot sifatini yanada yaxshilashga intildi. Natijada ishlab chiqarish hajmi, mehnat unumdorligi va ishchilar manfaatdorligi oshdi, foyda ko‘paydi, yangi ish o‘rinlari yaratildi...
Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularga imtiyoz va preferensiyalar berish, qulay sharoit va ishbilarmonlik muhiti yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2013-yil 8-avgustdagi “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki huzurida tashkil etilgan Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining xizmati bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir.
Jamg‘arma tomonidan 2014-yilda 2 ming 400 tadbirkorlik subyektiga o‘z tovar va xizmatlarini tashqi bozorga chiqarish bo‘yicha huquqiy, moliyaviy va tashkiliy xizmatlar ko‘rsatildi. Jamg‘arma ko‘magida tadbirkorlik subyektlari tomonidan 1 milliard 250 million dollar miqdoridagi eksport shartnomalari tuzildi. Mazkur shartnomalar asosida o‘tgan yili qiymati 840 million dollardan ziyod tovar eksport qilindi.
Jamg‘arma tomonidan tadbirkorlarga tashqi bozorni o‘rganish va chet ellik sheriklar topish, xalqaro tender savdolarida ishtirok etish, shuningdek, eksport shartnomalarini tuzish, xalqaro sertifikatlar, ruxsat berishga oid hujjatlarni olish va bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha faol yordam ko‘rsatilmoqda...
Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan ishbilarmonlarga yaratilgan shunday keng sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, o‘zi va oilasi farovonligini ta’minlash bilan birga, el-yurt obodligi, mamlakat ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan tadbirkorlar safi tobora kengayib bormoqda. Ular orasida “Takro Osiyo” ham bor.
Tashqi bozorning talabi katta. U kutish nimaligini bilmaydi. Muvozanatni saqlashda esa sifat, narx, muddat uyg‘unligi ta’minlansa bas. Buning uchun korxonaning ishlab chiqarish quvvati katta bo‘lishi kerak. “Takro Osiyo” mutasaddilari shu fikrga tayandi. Mehnat sarfini kamaytirish hisobiga ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish maqsadida Germaniya, Xitoy, Rossiya kabi mamlakatlardan zamonaviy uskunalar keltirilib, amaliyotga tatbiq etildi. Natijada ishlab chiqarish hajmi, mehnat unumdorligi va ishchilar manfaatdorligi oshdi, moddiy resurslar, ayniqsa, foyda ko‘paydi, yangi ish o‘rinlari yaratildi. 2014-yilda 1 million 36 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi.
– Muayyan turdagi mahsulotning bozori chaqqon bo‘lishi, xaridorga har tomonlama ma’qul kelishi ko‘p jihatdan tadbirkorga, uning bozor talabini qay darajada o‘rgangani va shaxsiy savdo uyi bor yo yo‘qligiga bog‘liq, – deydi Kamoliddin G‘iyosov. – Bunga chet ellarda o‘tkazilgan ko‘plab xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etib amin bo‘ldik. Xaridorlarning mahsulotimizga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash uchun Rossiyada korxonamizning savdo uyi ochildi. Natija kutilganidan-da, a’lo bo‘ldi. Mahsulot ishlab chiqarish hajmi va savdo geografiyasi kengaymoqda.
Tadbirkor uchun joriy yil unutilmas voqealarga boy bo‘lmoqda. Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan an’anaviy “Tashabbus” ko‘rik-tanlovining bu yilgi bosqichida ishtirok etib, avval tuman, viloyat, keyin mamlakat bosqichida “Yilning eng yaxshi tadbirkori” yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi va Prezidentimiz sovrini – “Spark” avtomobilini qo‘lga kiritdi.
– Bu kunni umrbod eslab yuradigan bo‘ldim, – deydi K.G‘iyosov. – Halol mehnatning noni mazali bo‘ladi, deyishadi. Bugun uning rag‘bati undan-da totli bo‘lishini chin yurakdan his qildim. O‘z imkoniyatlarimizni ishga solishimiz uchun shunday keng sharoit yaratib, imtiyozlar berayotgan Prezidentimizdan cheksiz minnatdormiz.