Izboskanda 5 ta mahalla yangi binoda ish boshladi
Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida Andijon viloyati Izboskan tumanidagi qator mahalla fuqarolar yig‘inlarining yangi binolari foydalanishga topshirildi.
Tuman sektor rahbarlari, viloyat hokimining o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i M. Nishonov, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida O‘rtaqishloq mahallasining yangi idorasi ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda mahalla tizimiga alohida e’tibor qaratilayotganligi, mahalla fuqarolar yig‘inlari uchun moslashtirilgan yangi binolar barpo etilib, samarali faoliyat olib borish uchun zarur sharoit yaratilayotganligi ta’kidlandi.
[gallery-3083]
Mahalla fuqarolar yig‘ini idorasi davlat sherikchiligi asosida tadbirkor Azizbek Hayitov tomonidan barpo etilib, zarur barcha jihozlar bilan ta’minlandi. Qurilish, jihozlash ishlari uchun 2,5 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
–Avval 3 ming nafardan ziyod aholi yashaydigan mahallamizning alohida binosi yo‘q edi, – deydi Izboskan tumanidagi O‘rtaqishloq MFY raisi Mohiraxon Sattorova. – Hukumatimizning e’tibori, tuman hokimining ko‘magi bilan mahalla idorasi uchun yangi bino qurib berilganidan juda xursandmiz. Rais, o‘rinbosarlari, profilaktika inspektori uchun alohida-alohida xonalar, yig‘ilish zali mavjud bo‘lgan binoda samarali faoliyat yuritish uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.
Mahalla ko‘rkiga ko‘rk bo‘lgan ikki qavatli yangi binoda, shuningdek, apteka, do‘kon, sartaroshxona, go‘zallik saloni, tibbiy-diaginostika muassasasi tashkil etilib, 25 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Eng muhimi, mazkur xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining ishga tushishi bilan mahalla aholisiga qator qulayliklar yaratiladi.
Tadbir ishtirokchilari yangi binoda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Tuman hokimligi, Mahalla va oila bo‘limi tomonidan mahalla idorasiga kompyuter jamlamasi topshirildi.
Bu kabi binolar tumandagi Urganji, Yangi Bo‘stonobod, Navjur va To‘raobod mahallalarida ham barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA