Italiyalik olimning kitobi Toshkentda taqdim etildi
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida olim va yozuvchi Petro Juzeppe Frening “Sonlar, kitob va cheksizlik” (Chisla, knigi i beskonechnost) asari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Italiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi, FAning Sharqshunoslik va Matematika institutlari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ilmiy-akademik doira vakillari, tadqiqot markazlari xodimlari ishtirok etdi.
Ilm-fan tarixi mavzusiga murojaat qilingan ushbu kitobda matematika, misoli, bir kemaga qiyoslangan. Kema yillar ummonida sayohat qilib, kitobxonni fan yetakchilari, mashhur shaxslar bilan tanishtirib boradi, Platondan German Veylgacha ta’riflaydi.
Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Sharqshunoslik instituti direktori, tarix fanlari doktori, professor Bahrom Abduhalimov mamlakatimizga kirib kelayotgan mazkur asar, ayniqsa, yoshlarimiz orasida keng ommalashishiga ishonch bildirdi.

– Kitob professor-o‘qituvchilarimiz ilmiy salohiyatini oshirishga, matematika tarixi haqida chuqurroq bilim ulashishga xizmat qiladi, – dedi B.Abduhalimov. – Italiya Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Agostino Pinnaning kitob taqdimotini shu yerda o‘tkazish taklifini mamnuniyat bilan qabul qildik.
Mamlakatimizda matematika tarixiga bag‘ishlangan qo‘lyozmalar ko‘p. Institutimizning sharq xalqlari fani va madaniyati tarixi bo‘limida O‘rta Osiyo allomalari to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar, ko‘plab asarlar nusxalari saqlanadi.
Kichik ilmiy xodim Umida Quronboyeva ma’lum qilishicha, bo‘lim nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi.
Elchi janob Pinna, o‘z navbatida, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatning joriy holatiga to‘xtaldi. Kelgusida turli istiqbolli loyihalar davom ettirilishini ma’lum qildi.
Muallif Petro Juzeppe Fre o‘z kitobi haqida shunday dedi:
– To‘rtinchi bobda buyuk qomusiy alloma, algebra asoschisi Muhammad ibn Muso Al-Xorazmiyning hayot yo‘li, faoliyati haqida muxtasar so‘z yuritilgan. Bilasizmi, men ilm-fan sohasiga juda qiziqaman. Bu asar ilm-fan gurkirab rivojlangan o‘rta asrlar davridan hikoya qiladi. Umuman, dunyoda matematikaga oid adabiyotlar kam saqlangan. Shu ma’noda aynan hozirgi O‘zbekiston hududida IX-X asrlarda bo‘lib o‘tgan voqealar tasviri kitobxonlar e’tiborini tortishiga aminman.
Hozircha asar to‘liq adadda nashr etilgani yo‘q, chop etish ishlarini shu yil oxirigacha yakunlash ko‘zda tutilgan. Kitobning rus tilidagi nusxalari institutga va boshqa kutubxonalarga taqdim etiladi.
Uchrashuvda akademiklar Shavkat Ayupov va Abdulla A’zamov ham o‘z mulohazalarini bildirdi. Taqdimot so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga muallifdan javob olishdi.
Mazkur kitob taqdimoti bugun Al-Xorazmiy tug‘ilgan zamin – Xorazmda davom etmoqda. Urganch davlat universitetida o‘tayotgan tadbir Xorazm Ma’mun akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Behruz Xudoyberdiyev,O‘zA