Italiyada O‘zbekiston davlat sport akademiyasining xalqaro hamkorlik aloqalari kengaymoqda
Italiya Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston davlat sport akademiyasi rektori Ilhomjon Tursunaliyev boshchiligidagi delegatsiya mamlakatning yetakchi ta’lim va sport muassasalari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Xususan, delegatsiya a’zolari Trento universiteti rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazib, ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi. Uchrashuvda dual ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy laboratoriyalar doirasida qo‘shma tadqiqotlar olib borish, magistratura bosqichida ikki tomonlama diplom (Double Degree) dasturlarini joriy etish, akademik mobillikni rivojlantirish hamda professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar almashinuvini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, sport ilmi, neyrofan, sport psixologiyasi, fiziologiya va zamonaviy raqamli texnologiyalar yo‘nalishlarida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro grant dasturlarida hamkorlikda ishtirok etish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Tomonlar avval imzolangan hamkorlik memorandumlari asosida ta’lim va ilmiy faoliyatga oid aniq shartnomalarni tayyorlash ishlarini jadallashtirishga kelishib oldi. Shu maqsadda Trento universiteti rahbariyatining joriy yil avgust oyida Toshkent shahridagi Olimpiya shaharchasiga rejalashtirilgan tashrifi doirasida navbatdagi muzokaralarni o‘tkazish rejalashtirilgan.
Xizmat safari davomida akademiya delegatsiyasi Italiyaning Trentino viloyatidagi Predatsso shahrida joylashgan mashhur Juzeppe Dal Ben chang‘i tramplini majmuasi faoliyati bilan ham tanishdi. Delegatsiya zamonaviy sport infratuzilmasi, sportchilarni tayyorlash tizimi, xalqaro musobaqalarni tashkil etish tajribasi hamda qishki sport turlarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi tashkiliy va texnik yechimlarni o‘rgandi.

Uchrashuvlarda qishki sport turlari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, mutaxassislar tayyorlash, sport turizmini rivojlantirish hamda Italiyaning ilg‘or tajribasini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Ta’kidlanganidek, mazkur tashrif O‘zbekiston davlat sport akademiyasining xalqaro ta’lim va ilmiy hamkorlik geografiyasini kengaytirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish hamda mamlakatda sport ta’limi va ilm-fanini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
O‘zA