Italiyada Etna vulqoni qayta uyg‘ondi
Xabarda Sitsiliyaning sharqiy qismida Etna vulqoni uyg‘onganini Italiya geofizika va vulqonshunoslik milliy instituti (Ingv) mutaxassislari qayd etishgani aytilmoqda.
Olimlarning bergan ma’lumotiga ko‘ra, vulqon faoligi mahalliy vaqt bilan soat 16:10 da kuchaygan va lavalar favvorasi hamda vulqon kullarining osmonga otilishi kuzatilgan. Osmonda bir kilometrlik ulkan bulut hosil bo‘lgan.
Etna etagida joylashgan qishloqlarga “tosh yomg‘iri" ma’lum miqdorda moddiy zarar keltirgani aytilmoqda, biroq odamlarning qurbon bo‘lgani yoki jarohat olgani haqida ma’lumot berilmadi.
“Vulqon o‘chog‘idan otilgan ayrim toshlar hatto Kataniya viloyati markaziga ham yetib bordi, deydi guvohlar.
Etnaning uyg‘onishi shuningdek, ushbu hududdagi havo yo‘lining yopilishiga hamda Kataniya xalqaro aeroporti faoliyatini to‘xtatib qo‘yishga sabab bo‘lgan.
Etna – Yevropadagi eng baland harakatdagi vulqon hisoblanadi. 2013 yil iyun oyida YUNESKO uni Butunjahon merosi ob’ektlari ro‘yxatiga kiritgan edi. 2017 yil mart oyida vulqonning navbatdagi faollashuvi oqibatida Sitsiliyada o‘n kishi jarohat olgandi.