Italiyada Amazonga milliard yevrodan ortiq jarima solindi
Italiya Antimonopoliya xizmati Amazon onlayn-savdo kompaniyasini “bozorda yetakchilik holatini suiiste’mol” qilishda ayblab 1 milliard 128 million yevro miqdorida jarimaga tortdi, deyiladi bozor va raqobatni himoya qilish bo‘yicha boshqarma (AGCM) tomonidan tarqatilgan xabarda.
Tashkilotning ta’kidlashicha, Amazon o‘z imkoniyatlaridan foydalangan holda, “Italiya bozorida mutlaq egalik qilish”ga uringan va shu maqsadda o‘zining yetkazib berish xizmatini rivojlantirgan. Bu bilan u internet-savdo bozorida logistika sohasida faoliyat yuritayotgan boshqa xizmatlarga katta ziyon keltirgan.
Yirik miqdordagi jarima ushbu amaliyotning davomiyligi va Amazon guruhlarining hajmiga qarab solindi, deyiladi xabarda. Shuningdek, xabarda keltirilishicha, endi Amazonning ushbu qonunbuzarlikni to‘g‘rilashi antimonopoliya xizmatining maxsus nazorati ostida kechadi.