Istiqlol nuridan munavvar Urgut!
Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligi oldidan Urgut tumanida shu mavzu doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar o‘tkazildi.
Uchrashuvlar ziyoratdan boshlandi
Samarqand viloyati va Urgut tumani hokimliklari, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari viloyat bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan tadbir qatnashchilari – Samarqandda tug‘ilib o‘sgan va ayni paytda poytaxtimizda ish faoliyatini olib borayotgan, ijod qilayotgan shoir va yozuvchilar, olim va jurnalistlar, san’atkorlar dastlab Kenagas qishlog‘ida O‘zbekiston xalq shoiri Barot Boyqobilov xotirasiga bunyod etilgan «Xamsa bog‘i» va G‘o‘s qishlog‘idagi G‘avsul A’zam qadamjosini ziyorat qildilar.
Mehmonlarni kutib olgan Urgut tumani hokimi Botir Jabborov tumanda Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik, mahallalarda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida ma’lumot berdi.
– Davlatimiz rahbarining yaqinda Samarqandga tashriflari chog‘ida tumanimizda bo‘lib, «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi faoliyati bilan tanishib, tadbirkorlar va faollar bilan suhbatlashganlari, Urgutni yanada rivojlantirish bo‘yicha vazifalarni belgilab berganlari oldimizga yangi marralar qo‘yib mehnat qilishga undadi, – dedi B.Jabborov. – Avvalo, butun tumanimizdan iqtisodiy zona sifatida foydalanish imkoniyati yaratilayotgani va xolding kompaniya tashkil etilayotgani, Urgut innovatsion hududga aylanayotgani, tumanning yangi markazini bunyod etish harakati boshlangani, Samarqand davlat universiteti filiali ochilayotgani va boshqa yangilik, o‘zgarishlar albatta, aholi kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, barchamizga jo‘shqinlik bag‘ishladi. Nafaqat mahalla va qishloqlarimiz miqyosida, balki xonadonlar, oilalarda ham yangicha yashashga, yangicha mehnat qilishga ishtiyoq uyg‘ondi. Qisqa vaqt ichida yuzdan ziyod tadbirkorlik sub’ekti ish boshladi, bir nechta yangi korxona ishga tushdi, O‘roqboyjar, Vatkan-Qo‘zibek qishloqlarida «Obod qishloq» dasturlari asosida, Mang‘itobod, Soy G‘o‘s mahallari va tuman markazida o‘z ichki imkoniyatimiz va homiylar yordami bilan obdonlashtirish-bunyodkorlik ishlari boshlandi. Bu kabi ishlarga joylardagi uchrashuvlar davomida o‘zingiz ham guvoh bo‘lasiz.
– Safarimizning ziyoratdan boshlangani juda xayrli ish bo‘ldi, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli adib Mamatqul Hazratqulov. – Ikki qadamjo ham bugun urgutliklar faxrlanadigan maskan, ezgu ishlarni shu joylarga kelib, yaxshi niyat va duolar qilib boshlashni an’anaga aylantirishgan. Yaxshi bilamiz, davlatimiz rahbari Samarqand viloyatiga rahbarlik chog‘ida viloyatdagi ko‘p tabarruk joylar qatorida Urgutdagi G‘avsul A’zam, Chor chinor ziyoratgohlarni obod qilishga bosh bo‘lgan, ko‘p xayrli ishlarni amalga oshirgan. Bugun bu maskanlarni ziyorat qilib, ezgu ishlar davom etayotganiga guvoh bo‘ldik, ruhimiz yengil tortib, quvvat oldi. Urgutlik ijodkorlar orasida shu paytgacha yagona bo‘lgan O‘zbekiston xalq shoiri Barot Boyqobilov xotirasiga hurmat-ehtirom ko‘rsatilib, «Xamsa bog‘i» yaratilgani va bu yerda shoirning muzeyi, kutubxonasi tashkil etilgani yurtimizda ijod ahliga bo‘lgan e’tiborning yana bir yorqin ifodasidir. Barot aka g‘ururi baland, juda bilimdon, o‘zbek adabiyotining jonkuyar vakili edi. Ayniqsa, Alisher Navoiy ijodiy merosiga qiziqishi, ixlosi balandligi bois besh dostondan iborat «Yangi xamsa» va «O‘zbeknoma» she’riy romanini yaratdi.
Maktablarda ijodkorlar ko‘paymoqda
G‘o‘s mahallasidagi 153-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Abdusaid Ko‘chimov, Toshkent davlat moliya instituti professori Nishonboy Husanov, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi bosh direktori o‘rinbosari Rustam Jabborov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi o‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori o‘rinbosari G‘ofir Hamroyev yurtimizda bugungi kunda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga qaratilgan e’tibor, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik haqida so‘z yuritdilar.
[gallery-2613]
– Bugun tilimizda «Uchinchi renessans» degan so‘z ko‘p takrorlanmoqda, – dedi A.Ko‘chimov. – Yaxshi bilamiz, «renessans» so‘zi «uyg‘onish, taraqqiyot, rivojlanish» kabi ma’nolarni ifodalaydi. Birinchi va ikkinchi renessans kimlar nomi bilan bog‘lanishi ham barchamizga yaxshi ma’lum. Ayni paytda yurtimizda barcha sohalarda – u iqtisod bo‘ladimi, siyosat yoki ma’naviyatmi, qishloq xo‘jaligi yoki ta’lim, tibbiyot, turizm va yana boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlar, olamshumul, tarixiy o‘zgarish va yangilanishlar Uchinchi renessans davri poydevori sifatida baholanmoqda. Bu ishni esa hurmatli Prezidentimiz boshchiligida sizu biz, shu muqaddas va aziz Vatanimizning jonkuyar, mehnatkash, bunyodkor xalqi amalga oshiradi. Ayniqsa, zukko va yuksak intellektual salohiyatli yoshlarimizdan umidimiz katta. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari siz aziz yigit-qizlarimizning yaxshi ta’lim-tarbiya olishingiz, zamonaviy fanlarni, chet tillarini puxta o‘rganishingizni, tadbirkor, ishbilarmon bo‘lishingizni istayapti, bunga imkoniyat yaratib bermoqda. Yoshlar bu imkoniyatni anglab, vaqtning qadriga yetib, har bir kundan, har bir lahzadan unumli foydalanishingiz kerak.
Uchrashuvda ijodkorlar o‘z asarlaridan namunalar o‘qib berdi. O‘quvchilarni mushoiraga, o‘z taklif va istaklarini bayon etishga chorladi. Bundan ruhlangan iste’dodli yoshlari o‘zlari yozgan she’rlaridan o‘qidi, bir qator tashabbus va g‘oyalarini bildirdi.
Dehqonobod mahallasida aholi va yoshlar vakillari bilan uchrashuvda ham 37-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari faol bo‘ldi. Toshkentdan kelgan ijodkorlarning so‘zlaridan so‘ng, ular shu maktabda tahsil olgan va yaqinda tavalludining 70 yilligini nishonlagan qishloqdoshlari – Abdusaid Ko‘chimovni tabriklab, uning she’rlaridan namunalar o‘qidilar, shoir she’rlari bilan aytiladigan qo‘shiqlar ijro etildi.
– Biz maktabimizdan, qishlog‘imizdan Abdusaid aka singari insonlar yetishib chiqqanidan faxrlanamiz, – dedi maktab o‘quvchisi Oybeka Yoqubova. – Shu bilan birga ularga munosib bo‘lishga harakat qilamiz. Maktabimizda ijodkor yoshlar to‘garagi tashkil etilgan. Unda yigirmadan ziyod tengdoshlarimiz a’zo bo‘lgan. To‘garak mashg‘ulotlarida o‘zimiz yozgan she’rlar, hikoya va maqolalarni ustozlarimiz bilan birga muhokama qilamiz. bugungi uchrashuvdan ham ko‘p narsa o‘rgandik, taniqli shoirlar, jurnalistlarning maslahatlarni oldik.
Qoratepada adib muzeyi ochildi
Qoratepa mahallasi ahli, ijodkor yoshlar bilan uchrashuv 41-umumiy o‘rta ta’lim maktabida shu qishloqda kamolga yetgan taniqli adib, qalami o‘tkir jurnalist sifatida tanilgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Asad Dilmurod xotira muzeyi va kutubxonasining ochilishi bilan boshlandi.
Ijodkorning do‘stlari va shogirdlari, o‘qituvchilar va olimlar, mahalla ahli muzeydan o‘rin olgan tarixiy suratlar, kitoblar va boshqa ashyolarni ko‘zdan kechirib, Asad Dilmurod haqidagi o‘z xotiralarini bildirdi.
– Urgutday so‘lim, bahavo maskan ko‘plab iste’dodlarga beshik bo‘lganini yaxshi bilamiz, – dedi tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq. – Asad aka ana shunday ijodkorlardan biri, qalami o‘tkir jurnalist, tarixiy asarlarni maromiga yetkazib yozadigan yozuvchi edi. Men u kishi bilan birga ishlamaganman, lekin ko‘p suhbatlarini olganman, ijodiy maktablari bilan yaxshi tanishman. Ijodkor sifatida ham, shu yurt farzandi sifatida ham Vatanimiz va xalqimizga, uning o‘tmishiga e’tibori, mehr-muhabbati boshqacha edi, bu borada yosh ijodkorlarga ibrat edi. Maktabda adib muzeyining ochilishi Qoratepadan Asad Dilmurod singari yana ko‘plab ijodkorlar yetishib chiqishiga, o‘quvchilarning o‘z ulug‘laridan faxrlanib, ularga munosib bo‘lishga intilishlarini rag‘batlantirishga xizmat qiladi, albatta.
Uchrashuvda O‘zbekiston xalq hofizi Abdunabi Ibrohimov tomonidan mumtoz qo‘shiqlar ijro etildi.
Ayni paytda ulkan qurilish maydoniga aylanib, obod bo‘layotgan Mang‘itobod mahallasi aholisi, nuroniylar va yoshlar bilan uchrashuvda yozuvchi Mamatqul Hazratqulov, «Jamiyat» va «Oila davrasida» gazetalari bosh muharrirlari Maqsud Jonixonov, Husniddin Berdiyev va boshqalar yurtimizda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari asosida yurtimizning olis va chekka hududlari ham obod etilib, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratilayotganini alohida ta’kidladilar. Bu sa’y-harakatlar Mang‘itobod mahallasi misolida tahlil etildi.
Samimiy va yuzma-yuz muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagi, oilalardagi ma’naviy muhit, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni qo‘llab- quvvatlash, xotin-qizlar manfaatlarini muhofaza qilish, keksalarga hurmat kabi masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Vatanni, istiqlolni ulug‘lovchi she’r va qo‘shiqlar ijro etildi.
Uchrashuvlardan so‘ng ijodkorlar yaqinda foydalanishga topshirilgan «Urgut» markaziy jome masjidi va tumandagi bir qator ishlab chiqarish korxonalari faoliyat bilan tanishdi.
G‘olib HASANOV,
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA