Istiqlol inʼom etgan islohotlar samarasi
Hozirgi kunga qadar aholi tomonidan 64 ta ogʻzaki va yozma murojaat qabul qilinib, ularning 48 tasi, yaʼni 75 foizi ijobiy hal etildi.
Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!
Vatanimiz uzra hurriyat quyoshi porlagan qutlugʻ kunning yigirma toʻqqiz yilligi arafasida yana bir bor ortga nazar tashlab, bosib oʻtilgan yoʻllarda erishilgan yutuqlarni sarhisob qilar ekanmiz, xalqimiz shijoati va jasorati bilan tarixan qisqa davrda misli koʻrilmagan marralar zabt etilganiga guvoh boʻlamiz.
Tarix uchun bu muddat bir lahzadek qisqa boʻlsa-da, oʻzbek xalqi uchun bu yillarning har bir kuni zahmati, mashaqqati va samarasi bilan asrlarga teng boʻldi-ki, mamlakatimizning ichki va tashqi hayotida yuz bergan yangilanishlar, xalqimizning turmush-tarzi, tafakkuri, qalbida roʻy bergan oʻzgarishlarni oʻlchash uchun Gʻafur Gʻulom taʼbiri bilan aytganda, oltindan tarozi, olmosdan tosh ozlik qiladi.
Xalqimizning koʻtarinki ruh, ezgu niyat va bunyodkorlik ishtiyoqi bilan yashab, oʻz hayotini jahon andozalariga muvofiq, ayni paytda oʻziga xos va oʻziga mos tarzda qurayotgani yil sayin erishilayotgan yutuqlarga poydevor boʻlib xizmat qilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-yanvardagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatning qoʻshma majlisi hamda 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida berilgan topshiriqlar, ilgari surilgan muammolarning bosqichma-bosqich ijrosini taʼminlash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida Navoiy viloyatida aholining ijtimoiy muammolarini oʻrganish, ularning turmush-tarzini yaxshilash maqsadida deputatlik hududida yigirmadan ortiq aholi bilan uchrashuv va ommaviy sayyor qabullar tashkil etilgan boʻlsa, unda mingga yaqin aholi ishtirok etdi. Hozirgi kunga qadar aholi tomonidan 64 ta ogʻzaki va yozma murojaat qabul qilinib, ularning 48 tasi, yaʼni 75 foizi ijobiy hal etildi. 16 tasi esa muddat va vaqt talab etadigan jarayondagi muammolar boʻlganligi sababli mutasaddi tashkilotlar hamkorligida oʻrganilmoqda.
Shu bilan bir qatorda, epidemiologik sharoitda “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida hamda “Ezgulik doimo qaytadi” loyihasi doirasida “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi va mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlikda viloyatdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan, imkoniyati cheklangan, boquvchisini yoʻqotgan aholi qatlamiga mansub 1 ming 140 oilaga 155 million soʻmlik 12 turdagi oziq-ovqat mahsuloti tarqatildi.
Pandemiya davrida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qarorlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining meʼyoriy hujjatlariga asosan aholining tadbirkorlikka qiziqishini oshirish, ularni oʻz-oʻzini band qilishga oʻrgatish, ogʻir va sinovli kunlarni yelkama-yelka yengish borasida ham qator ishlar olib borildi.
Parlament tomonidan 2020-yil 13-aprel kuni “Dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini yana-da oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qoʻshma qaror qabul qilinib, unga asosan komissiya aʼzolari, deputat va senatorlar joylarga masʼul etib biriktirildi. Shu bilan bir qatorda, xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasining tegishli qaroriga asosan viloyatda 15 ming 201 nafar ishsiz yoshlar roʻyxati tasdiqlanib, bugungi kunga qadar 7 ming 606 nafarining bandligi taʼminlandi.
Taʼkidlash joizki, joriy yilning yanvar oyida “Orolni qutqaraylik” loyihasi doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanida viloyat hokimligi, tadbirkorlar bilan hamkorlikda 5 ta muhim tashabbusni amaliyotda keng tatbiq etish maqsadida “Tashabbuslar karvoni” loyihasi doirasida qiymati 150 million soʻmlik kitob jamlanmalari, musiqa va sport anjomlari hamda oziq-ovqat mahsulotlari moʻynoqlik yoshlarga taqdim etildi. Hududda joylashgan 4 gektar tashlandiq yer maydonida “Yoshlar bogʻi” tashkil etildi.
Shu bilan bir qatorda, “Sinovli kunlarni xalqimiz bilan birga yengamiz” loyihasi doirasida Namangan viloyatida istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun qiymati 200 million soʻmga yaqin oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, may oyida Sirdaryo viloyati Sardoba tumani aholisiga 100 million soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak va idish-tovoq hamda sanitariya-gigiyena vositalari yetkazib berildi.
Jamshid XODJAYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati aʼzosi.