Istiqbolli loyihalar samaralari
Milliy matbuot markazida mamlakatimiz Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi tomonidan "Istiqlol yillari: oziq-ovqat sanoatining yuksalish odimlari" mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Milliy matbuot markazida mamlakatimiz Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi tomonidan "Istiqlol yillari: oziq-ovqat sanoatining yuksalish odimlari" mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi raisining o‘rinbosari A.Qambarov va boshqalar O‘zbekistonda taraqqiyotning “o‘zbek modeli” samarasida yurtimiz agrar mamlakatdan sanoati rivojlangan davlatga aylangani, aholi ehtiyoji uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlarining qariyb 90 foizi yurtimizda ishlab chiqarilayotgani va ular saksondan ortiq davlatga eksport qilinayotganini alohida ta’kidladi.
Uyushmada joriy yilning o‘tgan davrida qariyb besh mingta ish o‘rni yaratildi. Yuzga yaqin yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Tizimda yog‘-moy, qandolat ishlab chiqarishga, meva-sabzavot yetishtirishga, go‘sht va sutni qayta ishlashga, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda raqobatdosh, import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish doirasida "Melaza Agro Tech", "Renesans Dizayn" kabi korxonalarda har xil karamellar, konfetlar, shokoladlar, "Fatin Lazzat maya"da presslangan non xamirturushi, "Marmaks"da baliq konservasi ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda.
– Agar 1990-yillargacha aholining oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, go‘sht, sut va qandolat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji import hisobiga qondirilgan bo‘lsa, hozir ularning 96 foizi yurtimizda tayyorlanmoqda,– deydi uyushma boshqarma boshlig‘i A.Dalliyev. – O‘tgan yillarda aholi jon boshiga go‘sht iste’moli 1,3, sut mahsulotlari 1,6, qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari iste’moli deyarli 4 barobarga ortdi. Meva-sabzavot mahsulotlari va uzumni qayta ishlash korxonalarini modernizatsiyalash va texnologik qayta jihozlash doimiy e’tiborda.
Hozir yurtimizda o‘n mingga yaqin korxona oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqda. Bunda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlar, berilgan imtiyozlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Misol uchun, 2011-yilda kichik biznesning ishlab chiqarishdagi ulushi 16,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 40 foizdan oshdi.
Ichki va tashqi investitsiyalar evaziga yangi korxonalar tashkil qilinib, mavjud quvvatlar izchil modernizatsiya qilinayotgani yutuqlar garovi bo‘lmoqda. 2008-yilda tizimda 150 loyiha amalga oshirilgan. Hozir investitsiya loyihalari 1 ming 400 taga yetdi. Keyingi besh yilda sut, go‘sht va meva-sabzavotni qayta ishlash darajasi qariyb ikki martaga oshib, yigirma mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi.
O‘tgan yillarda «Angren shakar», «Marmaks», «Agromir Group», «Master Delikates», «Tegen Group», «Afrosiab-Meva» kabi korxonalarda tayyorlangan mahsulotlar o‘z xaridorlarini topdi. Mamlakatimizdagi yuqori o‘sish sur’atlari xorijiy ishbilarmonlarni ham jalb etmoqda. Dunyoda mashhur «Nestle», «Coca-Cola», «Carlsberg» kabi kompaniyalarning O‘zbekistonda o‘z ishlab chiqarishini tashkil etgani buning yorqin isbotidir. «Agromir Samarqand», «Master Global Plus» va «Green World» qo‘shma korxonalarida Shvetsiyaning «TETRA PAK» kompaniyasining asseptik qadoqlash liniyalari o‘rnatilgani yuqori sifatli, xalqaro standartlarga to‘liq javob beruvchi tabiiy meva-sabzavot sharbatlari va nektarlarni ishlab chiqarish, ularni ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berish imkonini kengaytirdi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, yaqin besh yilda meva-sabzavot mahsulotlari qayta ishlash darajasi bir yarim martaga, konservalar ishlab chiqarish ikki martaga ko‘payadi. Yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish, mavjudlarini modernizatsiyalash maqsadida 2020-yilga qadar umumiy qiymati 910 million dollar bo‘lgan minglab loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Demak, har yili qo‘shimcha yuz ming tonna sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, minglab ish o‘rinlari yaratiladi. Bu loyihalarning aksariyati qishloq joylarida amalga oshirilib, xomashyoni chuqur qayta ishlashga e’tibor qaratiladi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.