Istiqbolli loyihalar muhokamasi
Buxoro viloyati Kogon tumani hokimi Otabek Qazoqov hamda Janubiy Koreyaning “Hyundai solar Energy Co., LT” hamda “Seonjinhitech., Ltd” kompaniyalari vakillaridan iborat xorijiy investor guruhi tumanda “Yashil energetika” yo‘nalishini jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish hamda barpo etishga doir istiqbolli loyihalarni muhokama qildi.
Kompaniya rahbari Kihun Yeom mamlakatimizda qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlar, sohada davlat-xususiy sherikchiligi ko‘payib sog‘lom raqobat ortgani, o‘z navbatida dunyoning yirik energetika bozori sarmoyadorlarini yurtimizga jalb qilayotganini e’tirof etdi.

Muhokamalar davomida mazkur kompaniya quyosh hamda shamol elektrostansiyalari qurish hamda sanoat tarmoqlarini elektr energiya bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etuvchi tejamkor qurilmalar ishlab chiqarish barobarida, chiqindini qayta ishlab elektr toki ishlab chiqarishda ham yaxshigina tajribaga egaligi ta’kidlandi.

Uchrashuv davomida tuman hududida mazkur kompaniyalar ishtirokida bir qancha loyihalarni ishga tushirish hamda ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Albatta, muzokaralarda mazkur loyiha va kelishuvlar Kogon tumanining iqtisodiy yuksalishida muvaffaqiyatli qadam bo‘lishiga ishonch bildirildi.

Mehmonlar tumanning “Zirabod massivi” hududida joylashgan “G‘ijduvon erkin iqtisodiy zonasi”da barpo etilayotgan kommunikatsiya ob’ektlari bilan tanishdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri