Istiqbolli investitsiya loyihasi muhokama qilindi
Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Xitoyning Zhongya Anruixin Steel Group kompaniyasi vitse-prezidenti Van Syaobo boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida viloyatda metallni chuqur qayta ishlash hamda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega metall mahsulotlari ishlab chiqarishga qaratilgan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, qiymati 260 million AQSH dollarini tashkil etuvchi mazkur loyiha doirasida 50 gektar maydonda zamonaviy metallurgiya va metallni qayta ishlash ishlab chiqarish majmuasini barpo etish, 1 600 ta yangi ish o‘rni yaratish hamda yiliga 600 ming tonna maxsus po‘lat mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Loyihaning amalga oshirilishi hudud sanoat salohiyatini yanada yuksaltirish, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Uchrashuv davomida investitsiya loyihasini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy jihatlari, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini shakllantirish, ishlab chiqarish quvvatlarini bosqichma-bosqich ishga tushirish hamda o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbariyati va xorijlik investorlar Yangiyer kichik sanoat zonasiga tashrif buyurib, loyihani joylashtirish taklif etilayotgan hudud, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda zarur infratuzilma imkoniyatlarini joylarga chiqqan holda ko‘zdan kechirdi.


Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur investitsiya tashabbusini amaliy bosqichga o‘tkazish, loyihani qisqa muddatlarda ishga tushirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri