Iste’molchining xavfsizligi laborator tekshiruvlarga bog‘liq
Maishiy texnikalar bugungi kunda eng yaqin yordamchilarimiz va har birimizning xonadonimizda ularning turli rusmlari mavjud.Ammo biz har doim ham ularni ishlatish jarayonida ayrim xavf-xatarlarga olib keluvchi omillarni bilavermaymiz. Masalan, elektr manbaiga ulanish qismlaridagi qoldiq kuchlanishlar,sirqish toklari, mahsulotlarning qizib ketishi kabi omillar o‘rnatilgan me’yoriy talablarga javob bermasa, inson hayoti, sog‘ligi va mol-mulkiga jiddiy ziyon yetishi mumkin.
Maishiy texnikalarni xarid qilishda, avvalo, ularning sifati va xavfsizligiga alohida e’tibor qaratish lozim. Respublikamizda ishlab chiqarilayotgan va import sifatida kirib kelayotgan bu kabi mahsulotlar, albatta, laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilishi va sertifikatlashtirilishi zarur. Xo‘sh, bu jarayonni amalga oshiruvchi laboratoriyalar sinovlarni qanday o‘tkazmoqda? Muvofiqlikni baholash organlari tomonidan standart talablarining joriy etilishi holati qanday? Shu kabi savollarga javob olish maqsadida O‘zA muxbiri “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DK laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish va inspeksiya nazorati bo‘limi bosh mutaxassisi Shahnoz Shoislomova bilan suhbatlashdi.
–Shahnoz Habibullayevna, so‘nggi uch oy davomida qaysi yo‘nalishdagi laboratoriyalarning baholash jarayonlarini o‘tkazdingiz va muvofiqlikni baholash organlarining holati qanday?
-So‘nggi uch oy davomida mashinasozlik va elektrotexnika yo‘nalishi bo‘yicha o‘ndan ortiq laboratoriyada dastlabki va qayta akkreditatsiya baholashini o‘tkazdik. Aslida akkreditatsiyadan o‘tish jiddiy jarayon bo‘lib, odatda 2 oydan 6 oygacha davom etadi. Shu vaqt oralig‘ida talabgor tomonidan zarur hujjatlar taqdim etiladi va ekspertiza o‘tkaziladi, joyiga chiqqan holda o‘rganish, eng asosiysi, kadrlar malakasini baholash ishlari olib boriladi. Bu faoliyatda uchta asosiy tamoyil, halollik, shaffoflik va ochiqlik bosh mezondir.
Baholash jarayoni davomida ko‘pincha O’zDSt ISO/IEC 17025:2019 standart talablariga javob bermaslik holatlari kuzatilmoqda.Aksariyat laboratoriyalar hatto zarur resurslar bilan ta’minlanmagan. Hozirgi kunda o‘rganishlarimiz natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki,sinov laboratoriyalarining ayrimlarida malakali mutaxassislar yetishmaydi, sinov xonalari, atrof-muhit sharoiti belgilangan talablarga javob bermaydi, texnik sinov vositalari bilan yetarli darajada ta’minlanmagan. Laboratoriyalar sinov uslublari aks ettirilgan standartlar – verifikatsiya, validatsiya qilish jarayonlarini o‘z faoliyatiga to‘liq tatbiq etmaganligi natijasida esa usullar yetarlicha o‘zlashtirilmagan.
Masalan, hozirgi kunda maishiy texnikalar o‘z yurtimizda va butun jahonda xalqaro standartlar talablarini inobatga olgan holda ishlab chiqariladi va laborator tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bu turkumdagi standartlarda ko‘rsatilgan uslublarni laboratoriyalar o‘zlashtirishi esa katta mas’uliyat talab qiladi.
Aytaylik, sinov jarayonida xonaning harorati yoki bosim noto‘g‘ri ta’minlandi. Hatto, mana shu omillarning o‘zi ham tekshiruv natijalari noto‘g‘ri chiqishiga olib keladi. Bu kabi qator omillarni esa faqat va faqat malakali mutaxassis ta’minlay oladi. Ushbu talablarning barchasi standartlarda keltirilgan. Qisqacha aytganda, har bir laboratoriya, albatta, malakali mutaxassis, metrologiyasi ta’minlangan jihozlarga ega bo‘lishi, zarur atrof-muhit sharoiti, olingan natijalarda noaniqlikni baholash va qaror qabul qilish qoidalarini to‘g‘ri qo‘llash jarayonlari kabi faoliyatni yo‘lga qo‘ymasa, standart talablari bajarilmagan hisoblanadi.Buning natijasida esa iste’molchining qo‘liga sifatsiz mahsulot yetib borishi mumkin.
–Laborator sinovlarni o‘tkazishda atrof-muhit bo‘yicha qanday talablar bor?
–Atrof-muhit sharoiti laboratoriyalar tomonidan olinadigan natijalarning haqqoniyligini ta’minlashda asosiy omillardan biridir.Bu boradagi talablar O’zDSt ISO/IEC 17025:2019 standartining 6.3 bandida ko‘rsatib o‘tilgan, shu jumladan,laboratoriyalar tomonidan ushbu talablarning qay tartibda bajarilishi kerakligi ham aytib o‘tilgan. Masalan, sinov o‘tkaziladigan xonaning harorati va nisbiy namlik darajasi kabi. Afsuski, laboratoriyalar bu talablarni to‘laqonli bajarmayaptilar va akkreditatsiya jarayonida ushbu kamchiliklar ko‘rinib qolyapti.
–Baholash jarayonida aniqlangan nomuvofiqliklar laboratoriyalar tomonidan to‘g‘ri qabul qilinayaptimi?
– Biz xalqaro standartlarni joriy qilgan holda baholash ishlarini boshlaganimizdan so‘ng, laboratoriyalarda texnikalar, xodimlar malakasiga e’tibor sustligi holatlari yuzaga chiqib qolyapti. Tabiiyki, bu tarzda biz laboratoriyalarni akkreditatsiyadan o‘tkaza olmaymiz. Buning sababini tahlil qiladigan bo‘lsak, ko‘pincha tashkilot yoki korxonalarning akkreditatsiyadan o‘tishini xodimlarning malakasi belgilamoqda. Sinovdan o‘ta olmayotgan ob’ektlarning aksariyatida xodimlarning malakasi yetishmasligi kuzatilmoqda.
To‘g‘ri qabul qilish yoki qilmaslikdan ham ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti, davlat tomonidan eksport hajmini orttirishga bo‘layotgan harakatlarni inobatga oladigan bo‘lsak, laboratoriyalar o‘z faoliyatlarini standart talablari asosida olib borishga majburlar.
–Elektrotexnika bo‘yicha laboratoriyalar qanday mahsulotlarni akkreditatsiya sohasiga kiritganlar?
–Ular asosan maishiy texnika– chang yutgich, muzlatgich, dazmol, konditsioner, kabel, elektr o‘tkazgichlar, yuqori va past kuchlanishli apparaturalar, izolyator, transformator kabi mahsulotlarni akkreditatsiya sohasiga kiritganlar. Laboratoriyada amalga oshiriladigan sinov uslublaridan foydalanib, shu mahsulotlarning standart talablariga qay darajada to‘g‘ri kelish yo kelmasligi aniqlanadi. Hozirgi kunda laboratoriyalarga shunday talab qo‘yilganki, agar ular o‘zlarining hisobotlarida “mahsulot standart talabiga javob beradi” degan xulosani bersalar, laboratoriya tomonidan “qaror qabul qilish tartibi” amalga oshirilishi lozim. Buning uchun ham laboratoriyalar malakali mutaxassislarga ega bo‘lishi kerak. Afsuski, bu borada ham laboratoriyalar tomonidan yetarlicha ishlar qilinmagan. Mutaxassislarni tanlash va tayyorlash jarayonlariga ham to‘g‘ri yondashilmaganligi holatlari kuzatilmoqda. Bundan tashqari, “o‘lchashlar noaniqligini baholash” bo‘yicha ham ko‘p hollarda mutaxassislarning layoqati yetarli darajada, deb tasdiqlanmayapti. O’zDSt ISO/IEC 17025:2019 standartining ayrim jarayonlariga laboratoriyalar tomonidan to‘g‘ri yondashilmagan. Shuningdek, sifat tizimlari joriy qilinganligi tasdig‘i ham namoyish qilinmayapti.
– Deylik, maishiy texnikalarning qaysidur sinovi noto‘g‘ri bajarilsa, bozorga shu holatda chiqib ketsa, iste’molchi qanday zarar ko‘rishi mumkin?
– Elektrotexnika mahsulotlari asosan elektr xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha tekshiriladi. Agar bu ko‘rsatkichlar sinovi to‘g‘ri olib borilmagan bo‘lsa, shu mahsulotni ishlatish jarayonida elektr toki bilan muammolar kelib chiqishi mumkin. Bu esa tabiiyki, inson salomatligi va xavfsizligiga salbiy ta’sir qiladi. Masalan, himoya qobiqlarining sifatsizligi oqibatida qisqa tutashuv toklari yuzaga kelib,yong‘in chiqishi mumkin.
–Laboratoriyalar akkreditatsiya jarayonidan muvaffaqiyatli o‘tishi uchun nimalarga ahamiyat qaratishini maslahat bergan bo‘lar edingiz?
– Har bir laboratoriya faoliyat yuritish uchun anchagina mablag‘ sarf qiladi: jihozlar sotib oladi, xonalarni tayyorlaydi, xodimlar maoshini to‘laydi. Ammo akkreditatsiyadan o‘tish uchun buning o‘zi yetarli emas. Sinovdan o‘ta olmayotganlarning ko‘pida, yuqorida aytib o‘tganimday, mutaxassislar malakasi yetishmasligi muammosi bor. Atrof-muhit, xona sharoitlari yoki texnik vositalarning mavjudligi masalasi hal qilinishi mumkin. Ming afsuski, shu yo‘nalishdagi xodimlarning malakasi qoniqarli ahvolda bo‘lmasa, hammasi bekor.
Bizning maqsadimiz –respublikamizdagi barcha laboratoriyalarning xalqaro darajada faoliyat yuritishiga ko‘maklashish, bozor iqtisodiyoti sharoitida o‘z mavqe va malaka darajalarini ko‘tarib, jahon talablariga asosan sinovlar to‘g‘ri bajarayotganliklarini ko‘rsatib berish. Mahsulotlarning xavfsizlik va sifati tekshiruvlari to‘g‘ri bajarilishi, eng a’lo mahsulotlar iste’molchiga yetib borishining tarafdorimiz.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA