Iste’molchilar huquqlari ishonchli himoyada
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida inson manfaatlarini ta’minlash, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Ayniqsa, iste’molchilar huquqlarini muhofaza qilish borasida yaratilgan huquqiy mexanizmlar o‘z samarasini bermoqda.
Jumladan, Zarafshon shahrida yashovchi fuqaro N.U. uy-joy xarid qilish maqsadida qurilish kompaniyasi bilan shartnoma tuzib, xonadon uchun jami 176 million 100 ming so‘m mablag‘ to‘lagan. Biroq shartnomada belgilangan muddat kelganiga qaramasdan qurilish ishlari yakunlanmagan va ob’ekt foydalanishga topshirilmagan.
Shundan so‘ng fuqaro Zarafshon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi. Murojaat asosida mutaxassislar tomonidan holat atroflicha o‘rganilib, iste’molchining qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi.
Sud qaroriga muvofiq, fuqaro tomonidan to‘langan 176,1 million so‘m mablag‘ni qaytarish belgilandi.
Shuningdek, Tomdi tumanida yashovchi fuqaro M.E. ham o‘z huquqlarini tiklash maqsadida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi.
Murojaatga ko‘ra, qariyb 13 million so‘mga sotib olgan muzlatkich ikki kundan keyin nosoz holga kelib, ishlamay qolgan. Bir necha bor sotuvchiga murojaat qilishiga qaramasdan sotuvchi mahsulotni almashtirib berish yoki to‘langan mablag‘ni qaytarish choralarini ko‘rmagan.
Murojaat asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida sotuvchiga amaldagi qonunchilik talablari va iste’molchining huquqlari tushuntirildi. Natijada fuqaroning qonuniy talabi qanoatlantirilib, nosoz mahsulot uchun to‘langan qariyb 13 million so‘m mablag‘ to‘liq qaytarib berildi.
Bu kabi misollar mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining huquqiy manfaatlarini ta’minlash va adolat tamoyillarini qaror toptirishga qaratilgan islohotlar hayotda o‘z ifodasini topayotganini ko‘rsatadi. Eng muhimi, fuqarolar o‘z huquqlari buzilgan holatlarda tegishli tashkilotlarga murojaat qilish orqali qonuniy manfaatlarini himoya qilish imkoniyatiga ega ekanliklarini yana bir bor tasdiqlamoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri