Istanbulda kurash turniri kuchlilarni aniqladi
Turkiyaning Istanbul shahrida kurash bo‘yicha ikki kun davom etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir yakunlandi.
Mukofot jamg‘armasi 10 ming yevro etib belgilangan nufuzli musobaqada 20 ga yaqin davlatlarning kurashchilari bellashdi. Musobaqalar erkaklar va ayollar o‘rtasidagi mutlaq vazn toifasida tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston kurash federatsiyasi xabar tarqatdi.
Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Yevropa kurash konfederatsiyasi, O‘zbekiston va Turkiya kurash federatsiyalari hamkorligida Istanbuldagi “Turkish Word Cultural Quarter” madaniyat markazida yuzlab xorijlik sayyohlar ishtirokida o‘tkazilgan turnir davomida kurash bellashuvlari bilan birga milliy qadriyatlarimizga xos an’analar targ‘ib qilindi. O‘zbek milliy musiqa sadolari yangradi. Xalq amaliy san’at asarlari namoyish etildi.
Bellashuvlar natijasida ayollar o‘rtasida g‘oliblik turkiyalik Zurnasi Esiga nasib qildi. 2-o‘rinni hamyurtimiz Sitora Husanova band etdi. Kuchli uchlikdan esa turkiyalik Zexrkaya Belkis va ruminiyalik Aleksandra Lorena joy oldi.
Erkaklar o‘rtasidagi musobaqalarda o‘zbekistonlik sportchi Muhammadkarim Xurramov barcha bellashuvlarni g‘alaba bilan yakunlab, finalda tojikistonlik Dadaxon Qurbonaliyevdan ustun keldi va xalqaro turnirning bosh sovrinini qo‘lga kiritdi. Keyingi o‘rinlar latviyalik Viktor Resko hamda turkiyalik Guzel Sanga tegishli bo‘ldi.
O‘zA