Issiqxonalar ko‘payib, aholi daromadi oshmoqda
Qaror va ijro
Oqoltin tumanining Nayman qishlog‘ida yashovchi O‘tkir Yaxshiliqov bundan bir yil muqaddam o‘ziga tegishli tomorqaning 5 sotixiga issiqxona qurib, unga pomidor va bulg‘or qalampiri ekkandi. Natija ham shunga yarasha bo‘ldi. Olgan sof foydasi hisobiga issiqxona xo‘jaligini 15 sotixga kengaytirdi.

Sirdaryoda O‘tkir Yaxshiliqov singari omilkorlik bilan ish ko‘radigan, katta bo‘lmasa-da mo‘’jazgina yer maydonidan samarali foydalanayotgan, issiqxona xo‘jaligini tashkil etib, undan yuqori hosil olib, bozorlarning to‘kinligiga, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shayotganlar soni tobora ortib bormoqda.

– Bejizga yerni rizq-ro‘z, qo‘shimcha daromad manbai deb aytishmas ekan. Gektar-gektar maydondamas, 5- 6 sotixli tomorqada issiqxona qurib, unga turli sabzavot va ko‘katlarni ekib, yuqori hosil olsa bo‘larkan, –deydi O‘tkir Yaxshilikov. – Buni o‘z tajribamda sinab ko‘rib, yana bir bor amin bo‘ldim.
U bu yil birinchi ekin sifatida ekkan pomidorning sotuvidan tushgan pul mablag‘i hisobidan uy ta’mirlagan bo‘lsak, ikkinchi ekin sifatida ekkan " “Aida” navli bulg‘or qalampiridan kutilgandan-da ko‘proq hosil olishni reja qilib turibdi.
–Shu kungacha kilosini 20 ming so‘mdan 16-17 tonna bulg‘or qalampir sotgan bo‘lsak, mavsum oxirigacha yana shuncha mahsulotni iste’molchilarga yetkazib beraman. Shunga yarasha hosilimiz mo‘l. Olgan daromadim hisobidan yana issiqxona quraman,–deydi u.

O‘tkir va uning oila a’zolari tomonidan mo‘’jazgina yerda yetishtirilib, iste’molchilarga yetkazib berilayotgan mahsulot hisobiga oilaning farovonligi, dasturxonining to‘kinligi ortdi. Qolaversa, uning oila a’zolari ham ishli, ham daromadli bo‘lishdi.
Bunday faoliyat turi bilan shug‘ullanadiganlar soni Oqoltinda bundan o‘n yillar muqaddam barmoq bilan sanarli edi, bugun ular sonini sanashga, issiqxona usulida yetishtirilayotgan hosildan olinayotgan daromadini hisoblashga barmoqlar yetmay qolyapti.

Yurtimizda yetishtirilayotgan har qanday qishloq xo‘jaligi mahsuloti, xoh u ochiq dalada, xoh u issiqxona sharoitida bo‘lsin, ta’mi va vitaminlarga boyligi, quyosh nuriga to‘yinganligi bilan ko‘pgina davlatlardagi shu turdagi mahsulotlardan ajralib turadi. Shuning uchun ham xaridorgir. Bu esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ko‘payishiga, eksport imkoniyatining ortishiga xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 2 noyabrdagi “Issiqxona xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori nafaqat Sirdaryoda, balki mamlakatimizning boshqa hududlarida ham issiqxonalar sonining sezilarli darajada oshishiga, aholining daromadi ortishiga, ishsiz aholining ishli bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri