Issiqxona barqaror daromad manbai
Bugungi kunda mamlakatimizda issiqxonalarda sabzavot yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan oilalar soni ortib bormoqda. Ular nafaqat o‘z ehtiyojlarini qondirish, balki bozor uchun ham sifatli mahsulot yetkazib berish orqali barqaror daromad topmoqda.
Jumladan, Buxoro viloyati Olot tumani “Qumkashon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Bahodir Oyto‘g‘diyev oilasi to‘rt sotixli issiqxona barpo etib, unda 2 mingdan ortiq qalampir ko‘chatlarini parvarishlamoqda. Har bir ko‘chatdan o‘rtacha 2 kilogrammdan ortiq hosil olinishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda bozor narxi 1 kilogramm qalampir uchun 30 ming so‘m atrofida bo‘lib, mavsumning qizg‘in paytida bu narxlar yanada ko‘tarilishi mumkin. Bundan tashqari, issiqxonada piyoz va turli ko‘katlar ham yetishtirilmoqda.

– Qalampir parvarishi unchalik og‘ir mehnat talab qilmaydi, hosil tez yetiladi va sovuqqa nisbatan chidamli hisoblanadi. Eng muhimi, poytaxt hamda vodiy bozorlarida bu mahsulotga talab yuqori. Mehnatimizning natijasidan ko‘nglimiz to‘q. Hozirda qalampirning bozori chaqqon, daromad ham shunga yarasha, – deydi Bahodir Oyto‘g‘diyev.

So‘nggi yillarda tomorqadan samarali foydalanish orqali oila byudjetiga salmoqli hissa qo‘shayotgan shunday mehnatkash oilalar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Issiqxona faoliyati esa nafaqat dasturxonni to‘kin-sochin qiladi, balki barqaror daromad manbaiga ham aylanmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA